Янгиликлар
Sud-huquq tizimida islohotlar davom etmoqda
O‘tgan 2022-yil 20-dekabrda Prezidentimizning oliy majlisga murojaatnomasida 2023-yil uchun ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritildi.
Shunda 3-ustuvor yo‘nalish etib, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilandi.
Murojaatnomada eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham berilishi, buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham, masʼuliyati ham oshirilishi taʼkidlandi.
Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazilishi, endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmasligi, bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘lishi bildirildi.
Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusini shakllantirilishi, ular maxsus o‘qitilishi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanishi haqida so‘z yuritildi.
Murojaatnomadan kelib chiqib, endlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarning normativ-huquqiy bazasini shakllantirish boshlandi.
Xususan, joriy yilning 16-yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-11-son hamda “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-12-son Prezident farmonlari qabul qilindi.
PF-11-son Farmon bilan 2023 — 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.
Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hayʼatlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish, yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish masʼuliyatini yuklashni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilindi.
Shuningdek, Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari, tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi etib belgilandi.
Farmon bilan sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qatʼiy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etildi.
Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini taʼminlashni kuchaytirish bo‘yicha sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash, sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini taʼminlashga qaratilgan taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish, sudyaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual xarakterga ega bo‘lmagan, huquqiy tushuntirish berish borasidagi masalalar bo‘yicha murojaatlarini adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish choralar belgilandi.
Bundan buyon Farmonlar ijrosi taʼminlash maqsadida amaldagi moddiy va protsessual normalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozim bo‘ladi.
Alimardon Inomov
Namangan viloyat sudi sudyasi