Янгиликлар
Ma’muriy islohotlar…
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi Farmon va qarorlari bilan maʼmuriy islohotlar sohasida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash tizimi joriy etiladi.
Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarining birinchi bosqichi sifatida mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha takliflar maʼqullandi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab qayta tashkil etilayotgan, vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatilayotgan, tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgarayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi sifatida qayta tashkil etilib, O‘zarxiv agentligi Adliya vazirligi huzuriga o‘tkazildi.
Mazkur Prezident hujjatlariga ko‘ra, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda masʼuliyatini yana-da oshirish maqsadida 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organining yil davomida erishishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari har yil boshida o‘zining o‘rinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi.
Eng asosiysi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish maqsadida markaziy apparat va hududiy bo‘linmalar tuzilmalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinib, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash huquqi taqdim etildi.
Shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga hududdagi ehtiyoj va sharoitlardan kelib chiqib, muayyan viloyat yoki tuman (shahar) bo‘linmalarini tashkil etish yoki ularni tumanlararo (viloyatlararo) shaklda tuzish vakolati berildi.
Va albatta, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy bo‘linmalari masʼuliyatini oshirish maqsadida respublika va mahalliy darajadagi bo‘g‘inlarning funksional chegarasi belgilanadi.
Adliya vazirligi tomonidan Funksiyalar yagona reyestrini elektron tarzda yuritish imkonini beradigan “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi yuritiladi.
Huddi shuningdek, davlat boshqaruvida ochiqlik darajasini yana-da oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirilgan davlat boshqaruvi modeliga o‘tish maqsadida 2023-yil 1-yanvardan boshlab, sinov tariqasida, Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Namangan viloyat adliya boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi
Fayzullayev Axrorbek