Янгиликлар
Maʼmuriy islohotlarni yoritishda professional yondoshuv zarur
Mamlakatimizda eʼlon qilingan maʼmuriy islohotlar yuzasidan ayrim OAVlari va ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qarashlar bayon etilmoqda. Albatta, fikrlar xilma-xil boʻlgani yaxshi, lekin ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlar masalani mutaxassis boʻlmagan yoki zarur bilim va tajribasi boʻlmasa-da, oʻzlarini ekspert deb eʼlon qilayotgan shaxslar bilan intervyular tashkil qilib, oʻz kuzatuvchilariga islohotlarni bir tomonlama faqat salbiy tomondan koʻrsatish va baholash bilan shugʻullanmoqdalar. Xususan, shu kunlarda KunUZ va Qalampir.uz turkum intervyularni eʼlon qilishdi.
Avvalo, shuni taʼkidlash lozimki, bunday masalada u yoki bu fikr, bahoni berishda zarur bilim, malaka va tajribaga ega boʻlish, chuqur tahlilga asoslanish maqsadga muvofiq. Chunki, maʼmuriy islohotdek oʻta professional masalani yengil-yelpi yondashuvlar, oʻzining hissiyot va qarashlari orqali bayon etish, ayniqsa OAV orqali tarqatish masʼuliyatsizlikdan boshqa narsa emas.
Shu munosabat bilan mazkur intervyularda aytilgan fikrlar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.
Birinchidan, maʼmuriy islohotlarga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va Qarori loyihalari chuqur tahlillar asosida milliy va halqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqildi.
Jumladan, ushbu jarayonda milliy ekspertlardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Adliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va boshqa idoralar masʼul xodimlari qatnashgan.
Xalqaro ekspert sifatida xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlarining tajribali ekspertlari, shu jumladan, BMTning vakillari ishtirok etishgan.
Shu bilan birga, dunyoning yuqori iqtisodiyoga ega boʻlgan 38 ta davlatni oʻzida jamlagan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Kengashining “Tartibga solish siyosati va davlat boshqaruvi boʻyicha tavsiyalari”dagi davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish boʻyicha 12 ta asosiy tavsiyalari oʻrganilgan. Misol uchun, ularda markaziy va hududiy darajadagi davlat organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish mexanizmlarini joriy qilish, barcha darajadagi davlat boshqaruvi tizimida turdosh tartibga solish masalalarini aniqlash orqali takrorlanish va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik masalalari oʻz aksini topgan.
Bundan tashkari, mazkur Farmon loyihasini ishlab chikish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan 2021-yil noyabrda boshlangan, yaʼni Maʼmuriy islohotlar doirasidagi oʻzgarishlar bir kun, bir oyda shakllanmagan, va bunda barcha vazirlik va idoralarning faoliyati tanqidiy oʻrganilib, asosli takliflar ishlab chiqilgan. Xususan, oʻtgan davr mobaynida barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 mingta funksiyalari chuqur tahlil va xatlovdan oʻtkazildi, 500 ga yaqin takrorlanadigan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan funksiyalar tugatilmoqda, qaysi vazifa qaysi idoraga tegishliligi aniq belgilandi.
Natijada Hukumatga boʻysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 21 tagacha qisqardi, 20 ta idora toʻliq tugatildi. Hukumatda amaldagi 8 nafar Bosh vazir oʻrinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir oʻrinbosari qoldirildi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, maʼmuriy islohotlarga qadar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik va idoralar sonining koʻpligi tanqid qilinardi, turli xil ekspertlar chiqish qilib, bu borada keskin fikrlarni ham bildirishardi. Biroq, bu borada yuqorida qayd etilganidek radikal oʻzgarish qilinganligi, vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslar soni tubdan qisqarganligiga qaramasdan ushbu holatni asossiz subyektiv talqin qilish harakatlari kuzatilmoqda.
Ikkinchidan, agar rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlatlar tarixiga eʼtibor bersak maʼmuriy islohotlar har bir davlatda amalga oshirilganini koʻrish mumkin va mazkur jarayon doimiydir. Oʻzbekistonda amalga oshirilishi boshlangan navbatdagi maʼmuriy islohotlar ham davlat boshqaruvi tizimini institutsional jihatdan yangi bosqich vazifalarini amalga oshirish yoʻlidagi navbatdagi sifat jihatdan yangi islohot, deb aytish mumkin. Zero, bu islohot natijasida davlat boshqaruvi tizimining eng muhim boʻgʻini – Vazirlar Mahkamasi takomillashtirilmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, funksiyalarning takrorlanishi istisno qilinmoqda. Byurokratiya qisqartirilmoqda. Har qanday oqilona tashabbus, roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, idoralararo muvofiqlashtirish va tasdiqlash kabi 9 pogʻonadan oʻtishga majbur boʻlgan amaliyot oʻtmishda qolmoqda. Notoʻgʻri, haddan tashqari yuklangan apparat oʻrnini egiluvchan, muayyan muammolarni hal qilishga qaratilgan tuzilma egallaydi. Vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy masʼuliyati hamda javobgarligi keskin oshirilmoqda. Ularning sohaga ajratiladigan mablagʻlarni ishlatishdagi mustaqilligi belgilanmoqda. Vazirlik va idoralarning funksiyalarining optimallashtirilishi natijasida xususiy sektorga oʻtkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga koʻpaytirilmoqda.
Uchinchidan, hozirgacha turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan vazirlarning vazirliklar rahbarligiga qayta tayinlanishini salbiy holat emas. Dunyo amaliyotida Hukumat tarkibida rotatsiya instituti qoʻllanilishi normal holat hisoblanadi. Shuningdek, yangi tayinlovlar tarkibida yosh rahbar kadrlar ulushining yuqori ekanligi ham ijobiydir. Hukumat tarkibiga yosh rahbarlarning kelganligi ushbu sohaga yangicha yondashuv, yangicha ish uslublari qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
Xususan, bugungi kunda barcha tayinlovlar Maʼmuriy islohotlar doirasida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hozirgi tayinlovlarga Yangi hukumatni shakllantirish sifatida baho bermaslik kerak. Mamlakatimizda Yangi hukumatni shakllantirish tartibi Konstitutsiyamizda belgilangan. Unga muvofiq Vazirlar Mahkamasi yangitdan saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Yaʼni, Hukumat tarkibi yangi Oliy Majlis shakllanganda yangilanadi. Shu sababli, mazkur tayinlovlarda hukumat tarkibini yangilash maqsadi qoʻyilmagan, aksincha maqbullashtirish natijasida yangi tashkil etilgan davlat boshqaruvi organlari rahbarligiga yangitdan tayinlovlar amalga oshirildi.
Ayni paytda, maʼmuriy islohot hukumat tarkibini yangilashni anglatmasa-da, amalda vazirlarning qariyb uchdan bir qismi yangi yoki tayinlanganiga bir yil ham toʻlmaganligiga eʼtibor qaratishimiz lozim. Xususan, Sogʻliqni saqlash vaziri (A.Inoyatov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri (X.Umarova), Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri (L.Qudratov) yangi tayinlandi, shuningdek, Adliya vaziri (A.Toshqulov), Qishloq xoʻjaligi vaziri (A.Voitov), Energetika vaziri (J.Mirzamahmudov) ushbu lavozimlarga tayinlanganligiga hali bir yil ham toʻlganicha yoʻq. Shunday ekan, hukumat tarkibi eskicha qoldi, deyish masalaga kamida noprofessional yondoshuv boʻlganligini koʻrsatadi.
Farmonda ayrim funksiyalarni xususiy sektorga oʻtkazish orqali tegishli sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor beriladi. Natijada, tugatilgan funksiyani amalga oshiruvchi mavjud lavozimlar qisqartiriladi.
Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birdaniga xodimlarni 30 foizgacha qisqartirish degan tushuncha notoʻgʻri. Shu bilan birga, mazkur optimallashtirish barcha davlat tashkilotlariga birdek tadbiq qilinmaydi. Ularning bajarayotgan vazifa va funksiyalari tahlil qilinib, ayrim davlat tashkilotlarida 5-10 foizgacha, ayrimlarida esa 30 foizgacha qisqarishi mumkin.
Shuningdek, kadrlar sohasida endi son emas, sifat alohida rol oʻynadi. Buning hisobiga ayrim bir necha hududlar uchun yagona hududlararo boʻlimlarni tashkil qilgan holda aholiga professional kadrlar tomonidan hizmat qilinishini taʼminlash mumkin.
Toʻrtinchidan, Farmonga asosan vazirliklar ishlash uslubi butunlay oʻzgaradi. Endilikda, vazirliklarning yil davomida erishishi zarur boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari belgilanadi. Har bir vazir yil boshida oʻzining oʻrinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha harakatlar dasturini ishlab chiqadi va uni ommaga eʼlon qiladi.
Harakatlar dasturiga asosan vazirliklarning hududiy boshqarmalari maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha qoʻshimcha ravishda hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqadi va ular ham uni ommaga taqdim qiladi. Vazirlar tomonidan yil yakunida harakatlar va hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati yuzasidan ochiq hisobot beriladi.
Taʼkidlash joizki mazkur Farmon professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, yuqori natijadorlikka yunaltirilgan davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishga qaratilgan. Bunda davlat boshqaruvida “qoʻl” boshkaruvidan “aqlli” boshqaruvga oʻtish koʻzda tutilgan. Hukumat aʼzosi ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash tartibi joriy qilinmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlarning markaziy apparati va hududiy boʻlinma tuzilmalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi.
Beshinchidan, Farmonning yana bir muhim tomoni shundaki, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor boʻlishi belgilagan.
Oltinchidan, Farmon bilan ilk bor vazirlik, qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarning tushunchalari ochib berilgan, natijada ularning vazifa va funksiyalarini hamda javobgarlik chegarasini aniq koʻrishimiz mumkin.
Mazkur Farmonning qabul qilinishi ortiqcha byurokratik talablarni qisqarishiga, vazirlik va idoralarning oʻxshash yoki bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bekor qilinishiga, aholining bir masala yuzasidan turli idoralarga murojaat qilish zaruratini bartaraf etilishiga olib keladi.
Shunday qilib, ekspertlar hamjamiyati, mutaxassis va olimlarning maʼmuriy islohotlar jarayonidagi qiziqishlarini, keng jamoatchilikning eʼtibori qaratilayotganligi va bu borada muhokamalar olib borilayotganligini ijobiy deb baholaymiz. Ayni paytda, hurmatli OAV va ijtimoiy tarmoq vakillarini bu boradagi islohotlarni yoritishda fundamental bilimlarga ega professional ekspertlarni, vazirlik va idoralar masʼullarini ham jalb etishga chaqirib qolamiz. Bu masalada hamkorlikka doim tayyormiz.
Shu bilan birga, hozirda boshlangan maʼmuriy islohotlar tegishli Farmon va qaror bilan cheklanmaydi – bu davomli jarayondir. Ayni damda, ushbu tizimli islohotlar davlatchiligimiz rivojining muhim bosqichi ekanligini inobatga olib, sogʻlom fikrlar, asosli takliflar va tanqidlarga doim ochiq ekanligimizni bildiramiz.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi