Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Ma’muriy islohotlar: davlat boshqaruv tizimida nimalar o‘zgardi?


Yangi O‘zbekistonning ma’muriy islohotlari Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi yo‘lidagi dadil qadam va ilk natijalardir. Bu davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan tarixiy hujjatlar “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va mazkur farmon ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda aks etdi.

Mazkur hujjatlarga asosan davlat boshqaruv tizimi isloh qilinib, dastlabki bosqichda ikki jihatga muhim e’tibor qaratildi. Avvalo, vazirliklar isloh qilindi hamda hukumat ishi uslubi tubdan o‘zgartirildi. Ya’ni, hukumatga bo‘ysunadigan ijro organlari avvalgi 61 tadan 28 taga, vazirliklar 25 tadan 21 taga qisqartirilgan bo‘lsa, 20 ta idora to‘liq tugatildi. Bu chinakam o‘zgarish hisoblanib, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Qo‘l boshqaruvidan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvdir. Negaki, ixcham hukumat tezkor va harakatchan bo‘ladi”.

Hujjatlarga ko‘ra vazirlik va idoralarning funksiyalari ham qayta ko‘rib chiqilib, ularning bir-birini takrorlaydigan vazifa va funksiyalari qisqartiriladi. Bu esa 5000 ga yaqin davlat funksiyalaridan 2000 ga yaqin o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, bir-birini takrorlovchi va amalga oshirish mexanizmi bo‘lmagan funksiyalar bekor qilinishiga olib keladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti aytib o‘tganidek: “Davlat organlarining funksiyalari isloh qilinishi natijasida davlar organlari bir-birining funksiyalarini takrorlamagan holda o‘z vazifasini chuqurroq bajarishga, eng asosiysi o‘zaro hamkorlikda ish olib borishga kirishadi. Natijada muhim qarorlarni qabul qilish surati tezlashadi”.

Shuningdek, mazkur hujjatlarga asosan xususiy sektorga o‘tkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga ko‘paytiriladi. Natijada 500 ga yaqin davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazilib, davlat organlari ortiqcha funksiyalardan xalos etiladi. Bu esa davlat organlari tomonidan ortiqcha vaqt, kuch va energiya sarflanishining oldini oladi.

Bundan tashqari ixcham va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishda vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy ma’suliyati va javobgarligi keskin oshirildi. Ayni shu talablarning sifatli bajarilishini ta’minlash nuqtayi nazaridan vazirlarga ajratiladigan mablag‘larni tasarruf etishda mustaqillik berilmoqda. Natijada har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirshga ma’sul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik, va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi. Har bir vazir o‘ziga tegishli sohada aholi muammolarini hal etishda yetarli mablag‘lar bilan ta’minlanadi va vakolatga ega bo‘ladi. Sodda qilib aytganda, vazirlar yangi qaror loyihalarini o‘zlari ishlab chiqadi. Qaror loyihasining dolzarbligi, tashkiliy-moliyaviy mexanizmlari va kutilayotgan natijalarini Hukumat a’zolari oldida o‘zlari himoya qiladi.

Endilikda davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash, raqamli boshqaruv modeliga o‘tish maqsadida vazirliklarning buyruq va qarorlarini “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi va ommaga havola etiladi. Mazkur jarayonda demokratiyaning yana bir muhim sharti jamoatchilik nazorati ta’minlanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, vazirlarga yangi talablarning qo‘yilishida asosiy e’tibor xalqni rozi qilishga qaratilgan. Shu ma’noda vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi.

Hozirda mazkur farmon va qarorlar bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati va ish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yana bir qator yangiliklar joriy etilmoqda. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari aytganidek: “Ma’muriy islohotlar –ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish yo‘lidagi asosiy mezondir”.

 

Namangan shahar adliya bo‘limi
yetakchi maslahatchisi Sh.Ismoilov