Янгиликлар
Tadbirkorlik sub’ekti bo‘lmagan yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentabrdagi «Tadbirkorlik sub’ektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 542-sonli qarori yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, bu sohada yagona huquqni qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, barcha yuridik shaxslar haqidagi ma’lumotlarni yagona ma’lumot bazasiga birlashtirish orqali statistik ma’lumotlarning tizimlashtirilishiga erishish hamda tadbirkorlik sub’ekti bo‘lmagan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Qarorga ilova sifatida «Davlat organlari va muassasalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat organlarini tugatish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti” belgilandi.
O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar birlashmalarini, advokatlik tuzilmalarini hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi.
«Tadbirkorlik sub’ektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorda Davlat organlari va muassasalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat organlarini tugatish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning; yuridik shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning; advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning; uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qiladi, so‘rovnomani to‘ldiradi. Arizaga ta’sis etish to‘g‘risidagi hujjatlarni (ustav, yig‘ilish bayonnomasi), shuningdek, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiyani ilova qilish zarur.
Qarorda ariza shakllari, so‘rovnomalar, shuningdek arizani ko‘rib chiqish sxemalari, ko‘rib chiqish va ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtlari ko‘rsatilgan holda keltirilgan.
Shuningdek, hujjat bilan Tadbirkorlik sub’ektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarning davlat reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Davlat organlarini yuridik shaxs sifatida tugatish normativ-huquqiy hujjatlar yoki vakolatli davlat organlarining hujjati (qaror, buyruq va hokazo) asosida amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub’ekti bo‘lmagan yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror ta’sis hujjatlarida bunga vakolat berilgan yuqori turuvchi organ tomonidan qabul qilinadi.
Qarorda tugatilayotgan yuridik shaxs to‘g‘risidagi; tugatuvchi haqidagi ma’lumotlar; yuridik shaxsni tugatish sababi va mo‘ljallanayotgan tugatish muddati ko‘rsatilishi lozim.
Yuridik shaxslarni tugatish bo‘yicha soliq organlari, davlat statistika organlari, Majburiy ijro byurosi bo‘linmalari hamda tijorat banklari bilan o‘zaro ma’lumot almashinish Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi vositasida amalga oshiriladi.
Abdulaziz ODILOV,
To‘raqo‘rg‘on tumani DXM bosh mutaxassisi.