Янгиликлар
Elektron raqamli imzo – innovatsion o‘zgarishlar sari tashlangan yana bir muhim qadam

Darhaqiqat, globallashuv jarayonidagi O‘zbekistonda so‘nggi 5-6 yillarda olib borilayotgan tizimli islohotlar barcha jabhalar, xususan, ijtimoiy, iqtisodiy va axborot sohalariga ta’sir ko‘rsatib, aholi dunyoqarashi, uning turmush tarzini o‘zgartirdi. Bunda shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash, transchegaraviy axborot aloqasi jarayonida elektron hujjatlar, xabarlar ishonchliligi va butun saqlanganligi kafolatini undagi ERIni tekshirish orqali ta’minlash bo‘yicha ishonchli uchinchi tomon xizmatlarini ko‘rsatish uchun axborot vositasi sifatida tashkil etish davr talabiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasining bugungi qonunchilik talablariga ko‘ra, elektron raqamli imzo bo‘lmagan taqdirda, davlat organlarining interaktiv xizmatlaridan foydalanib, shuningdek Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatiladigan xizmatlardan ham foydalanib bo‘lmaydi. Xususan, biror davlat idorasiga ariza, murojaat, taklif yuborish uchun ham, sizning shaxsingizni tasdiqlaydigan, o‘zaro ishonchli hamkorlikni ta’minlaydigan elektron raqamli imzoga ega bo‘lishingiz kerak.
O‘zbekiston Respublikasining shu yil 12 oktyabrda qabul qilingan “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonuni ana shunday - zamon talabidan kelib chiqib amalga kiritilgan hujjat hisoblanadi. Qonunning 3-moddasida elektron raqamli imzo nima ekanligiga aniq-ravshan ta’rif berilgan. Ya’ni, «elektron raqamli imzo - elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgarishlar natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik mavjud emasligini aniqlash va elektron raqamli imzo kalitining egasini identifikatsiya qilish imkonini beradigan imzo», deya tar’riflangan. Mazkur qonun bilan imzolangan elektron hujjatni qo‘lda tasdiqlangan imzo va muhr bilan imzolangan qog‘oz hujjatiga teng, deb tan olish belgilab qo‘yildi.
Xo‘sh, elektron raqamli imzoni qo‘llash masalasida jahon tajribasi qanday? Misol qilib oladigan bo‘lsak, Koreya Respublikasining «Raqamli imzo to‘g‘risida», Rossiya Federatsiyasining «Elektron imzo to‘g‘risida», AQShning «Global va milliy tijoratda elektron imzolar (ESIGN)», Qirg‘izistonning «Elektron imzo to‘g‘risida», Belarusning «Elektron hujjat va elektron raqamli imzo to‘g‘risida», Qozog‘istonning «Elektron hujjat va elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunlari qabul qilngan. O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonuni bilan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzo vositalaridan, ya’ni xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan ERI–RSA kalitlari sertifikatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda dunyo aholisining aksariyati Internet tarmog‘idan foydalanishi turli xalqlar turmush tarzi, madaniyati, urf-odat va qadriyatlari transformatsiyalashib bormoqda. Bunday o‘zgaruvchan axborot maydonida o‘zlikni asrash, milliy qadriyat va madaniyatni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodga bezavol yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Davlatimiz rahbarining «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirishda ushbu qonun qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonda milliy standartlar asosida ishlab chiqilgan ERI vositalaridan maqsadli, tizimli va samarali foydalanish orqali natijadorlikka erishishga xizmat qilishi shubhasiz.
To‘raqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi