Янгиликлар
Yuridik xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar
Mamlakatimizda 2021 yil 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-5168-son qarori qabul qilinib, natijada 2021 yil 1 oktabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi hamda dastlab davlat boshqaruvining 12 ta quyi idoralariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchi bosqichda Adliya vazirligining 2022 yil 1 avgustdan boshlab bosqichma-bosqich Markazlar tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalariga yuridik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash to‘g‘risidagi yana bir taklifi ma’qullandi. Endilikda tegishli Qaror asosida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining qamrovi yanada kengaytirilib, quyidagi tashkilotlarga huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi. Jumladan:
mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;
qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
turizm va madaniy meros bo‘limi;
sportni rivojlantirish bo‘limi;
oila va xotin-qizlar bo‘limi;
davlat soliq inspeksiyasi;
aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;
davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.
Shu o‘rinda Markazlar faoliyatining asosiy vazifalarini yana bir eslatib o‘tish joiz hisoblanadi. Xususan:
yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash;
davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish;
davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish;
davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash;
davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan vaqt mobaynida Markazlar o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish jarayonida bir qator ijobiy natijalarga erishmoqda.
Masalan:
- yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazuvchi «E-huquqshunos» elektron tizimi yaratildi, ish yurituvi to‘liq raqamlashtirilib, qog‘ozbozlikka barham berildi;
- 207 ta tuman va shaharlardagi 2 mingdan ortiq davlat organlarida huquqni bir xil qo‘llash amaliyoti shakllandi hamda aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va tushuntirishning yangi bo‘g‘ini yaratildi;
- qaror qabul qilinguniga qadar 5 ta tuman darajasidagi davlat tashkilotlarida - veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, irrigatsiya bo‘limi, qurilish bo‘limi, davlat o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi, obodonlashtirish boshqarmasida yuridik xizmat mavjud bo‘lmagan. Endilikda ushbu tashkilotlarning xuquqiy munosabatlarni o‘rnatishga oid xujjatlari yuridik markazlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etilmoqda;
- yuzaga kelgan huquqiy munosabatni va nizolarni kollegial tarzda yechish imkoniyati natijasida fuqaro va xodimlarni huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda;
- Markazlarda yosh xuquqshunos bilan tajribali yurist xodimlar tomonidan “Ustoz-shogird” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
- Markaz xodimlari tomonidan yuridik xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda ish samaradorligini yaxshilash maqsadida seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil qilib kelinmoqda. Tadbirlar jarayonida soha vakillariga hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida turli shakldagi huquq buzilishlarini oldini olishi, rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni amaldagi qonunchilik asosida olib borish, ularning mehnat huquqlarini ta’minlash kabi yo‘nalishlar tushuntirib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yangi tashkil etilgan yuridik xizmat ko‘rsatish Markazlari tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish, ularning faoliyatida qonuniylik va qonun ustivorligini ta’minlash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda.
BAXTINUR HASANOV
Davlatobod tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i