Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

MEHNAT QONUNCHILIK HUJJATLARIDA AYOLLARGA BERILADIGAN IMTIYOZLAR


Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, mehnat huquqini kafolatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistonning mehnat bilan bogʻliq qonunchiligida, xususan, Mehnat kodeksida ayollarga bir qator huquq va imtiyozlar berilgan. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishib chiqamiz.

- Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

- Homilador ayol yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda maʼlum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

- Homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.

- Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.

- Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola oʻn olti yoshga toʻlgunga qadar davlat ijtimoiy sugʻurtasi mablagʻlari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq toʻlagan holda oyiga qoʻshimcha bir dam olish kuni beriladi.

- Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik taʼtillar, ularning xohishiga koʻra, tegishlicha homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin yoxud bolani parvarishlash taʼtilidan keyin beriladi.

- Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

- Homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun taʼtil berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi.

- Ayolga, uning xohishiga koʻra, bolasi uch yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qoʻshimcha taʼtil ham beriladi.

- Bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda koʻpi bilan olti yil, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshiladi.

- Homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy toʻlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.

- Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

Xotin-qizlar huquqlari boʻyicha qonunchiligimizdagi eng soʻnggi yangilik 2022-yil 7-mart kuni Prezident tomonidan imzolangan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmondir.

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oyda uzluksiz ish staji boʻlgan ayollarga har oy uchun minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kelib chiqib byudjet hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi.