Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunda nimalar oʻzgaradi.


Shu desangiz, barcha uchun juda muhim boʻlgan hamda orziqib kutayotgan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan tasdiqlandi.

Qonun, tanlov asosida (haftasiga 5 kunlik) ishga qabul va kadrlar rotatsiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, xorijda hisobraqam ochish va manfaatlar toʻqnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalashni nazarda tutadi.

Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilanmoqda. Eʼtibor bering, bu Qonun 2022-yil noyabr oyida kuchga kiradi, demak, ushbu muddat davomida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qonunni har bir davlat xizmatchilariga va aholiga yetkazishda katta faollik koʻrsatadi.

U oʻz vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy koʻrsatkichlar) tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini oʻrganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi.

Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda davlat ijro funksiyasi bilan shugʻullanadigan 100 ga yaqin davlat idoralari va ularda ishlaydigan 120 mingga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilari bor. Demak, yangi Qonun kuchga kirishi bilan ana shu yuz mingdan ortiq insonlar davlatning tom maʼnodagi ustunlariga aylanishi mumkin boʻladi.

Xoʻsh, kimlar va qaysi xodimlar davlat fuqarolik xizmatchilari hisoblanadi?

Eʼtibor bering, davlat organlari va davlat tashkilotlaridagi xodimlar davlat fuqarolik xizmatchilari hisoblanadi. Biroq, xamma xodimlar ham davlat fuqarolik xizmatchilari boʻlmaydi.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlarda ishlovchi xodimlargina davlat fuqarolik xizmatchilari hisoblanadi. Tushundiz-a? Alohida davlat reestriga (yaʼni maxsus roʻyhatga) kiritilgan lavozimlardagi xodimlar.

Yana savol tugʻiladi toʻgʻrimi? Bu reestr bormi va u kim tomonidan tasdiqlanadi?

Reestr hozircha yoʻq. Lekin yangi qonunning 22-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri Prezident tomonidan tasdiqlanishi koʻrsatilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasiga binoan shunday davlat xizmatchilari borki, garchi ular davlat organi tarkibida boʻlsada, ularga ushbu qonundagi davlat fuqarolik xizmatchilari maqomi qoʻllanmaydi, bular:

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Juqorgʻi Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati devoni xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi aʼzolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona xizmati, DXX, Prezident xavfsizlik xizmati organlarida ishlayotgan xizmatchilar, shu bilan birga xarbiy xizmatchilardir.

Bundan tashqari, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish xodimlariga ham ushbu Qonundagi davlat fuqarolik xizmatchilari sifatida qaralmaydi.

"Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida"gi qonunda:

Davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan Oʻzbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi.

Davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan boʻshatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qoʻllaniladi.

Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam boʻlmagan yillik asosiy taʼtil berilishi belgilanadi.

Davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari qonun bilan belgilab qoʻyilmoqda. Qoidalarga asoslanib, har bir davlat organi faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda axloqiy xulq-atvorning ichki qoidalarini tasdiqlaydi. Ularda quyidagilar boʻlishi kerak:

·       rahbarlar, boʻysunuvdagilar va boshqa davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasidagi oʻzaro ahloqiy munosabatlar;

·       DFXning ishchanlik obroʻsiga va davlat fuqarolik xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlar (harakatsizlik);

·       DFXning xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalari.

DFXning odob-ahloq qoidalarini buzish ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

 

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun bilan yangicha turdagi intizomiy jazo turlari joriy qilinadi.

Yangi Qonunning 46-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchilariga quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin boʻladi:

➖xayfsan;

➖oʻrtacha ish haqining 30 foizidan koʻp boʻlmagan miqdordagi jarima;

➖malaka darajasini pasaytirish;

➖lavozimini pasaytirish;

➖egallab turgan lavozimidan ozod qilish.

Amaldagidan farqi:

➖birinchidan, amaldagi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq, agar korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalarida koʻrsatilgan boʻlsa, xodimga oʻrtacha ish haqining 50 foizigacha jarima ham qoʻllanilishi mumkin. Yangi qonun kuchga kirganda esa (2022-yil 10-noyabrdan) davlat fuqarolik xizmatchilariga faqatgina 30 foizlik jarima qoʻllaniladi xolos. Undan oshishi mumkin boʻlmaydi.

➖ikkinchidan, malaka darajasini pasaytirish, butunlay yangicha jazo. Yangi Qonunga koʻra davlat fuqarolik xizmatchilariga darajalar beriladi, masalan oliy darajali maslahatchi, 1-darajali maslahatchi, 1-darajali xizmatchi, 2-darajali xizmatchi va hokazo. Demak, yaqin oylarda intizom buzilganligi uchun ana shunday malaka darajalarini pasaytirish choralari ham qoʻllanilishi mumkin boʻladi.

➖uchinchidan, lavozimini pasaytirish jazosi ham davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yangilikdir. Toʻgʻri, bunday chora baʼzi bir davlat organlarida bor, lekin umumiy davlat xizmati sohasida yoʻq bu chora. Xodim intizom buzganligi uchun uni undan soʻramasdan turib, boshqa pastroq boʻlgan lavozimga oʻtkazish amaliyoti ham mana endi intizomiy jazo sifatida qoʻllaniladi.

➖toʻrtinchi holat, eʼtibor bering, umumiy holatlarda mehnat shartnomasini bekor qilish amaliyoti endilikda davlat fuqarolik xizmati sohasida “egallab turgan lavozimidan ozod qilish” maʼnosida ham qoʻllanilishi mumkin boʻladi. Bu yerda albatta biz, MK 100-modda 2-qismi 3 va 4-bandlaridagi intizomsiz xodimni intizomiy jazo sifatida ishdan boʻshatishni nazarda tutyapmiz.

Ustama toʻlovlari ragʻbatlantirishmi, yoki yoʻqmi?

Mehnat kodeksining 180-moddasi 3-qismiga asosan, “ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ragʻbatlantirish turlariga kirmaydi” deyilgan.

Yaʼni ushbu normaga muvofiq, ustama toʻlovlari ham ragʻbatlantirish chorasi hisoblanmasligi koʻrsatilgan.

 

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning 44-moddasiga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin:

- lavozim maoshiga qoʻshimcha ustamalar;

- pul mukofoti;

- navbatdan tashqari malaka darajasini berish;

- minnatdorchilik eʼlon qilish;

- qimmatbaho sovgʻa, esdalik yoki koʻkrak nishoni yoxud yorliq bilan mukofotlash.

Yaʼni, yangi qonunga asosan ustama toʻlovlari 2022-yil 10-noyabrdan boshlab davlat fuqarolik xizmatchilari uchun ragʻbatlantirish hisoblanadi.

 

Yangi Namangan tumani
bosh yuristkonsult
U.B.Asadullayev