Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

GENDER TENGLIGI


Barchaga ma’lum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo`yicha o`tkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030 yilgacha bo`lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo`yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” qaror qabul qildi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to`qqizta vazifani ishlab chiqdi.

Beshinchi maqsadning vazifalariga (Gender tenglik) muvofiq, 2030 yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to`liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o`z ichiga olgan.

So`nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo`yicha ishlar bir necha yo`nalishlarda olib borilmoqda:

• ayollar huquqlari to`g`risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;

• ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;

• aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to`g`risida xabardorligini oshirish;

• huquqni qo`llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o`qitish.

O`zbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zo`ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to`g`risidagi farmon va qarorlari qabul qilingan.

Gender tengligini joriy qilish nuqtai nazaridan ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni, 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o`quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo`yicha sirtqi bo`limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi.

Mazkur sohadagi qonunchilik choralariga to`xtaladigan bo`lsak, O`zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentyabrь oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi Qonunlar qabul qilindi. BMTning deyarli barcha agentliklari, jumladan BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Aholishunoslik jamg`armasi (YuNFPA), BMT Bolalar jamg`armasi (YuNISEF), BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti ushbu ikki qonun bo`yicha o`z izoh va takliflarini berishdi.

Gender tenglik bo`yicha  O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo`yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg`unlashtirish bilan shug`ullanuvchi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo`llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo`ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.

Mazkur yangi tashkil etilgan barcha institutsional mexanizmlar O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi bilan birgalikda BMT Konventsiyasiga muvofiq ayollar huquqlari, gender tengligi va xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berishning yagona yaxlit mexanizmiga aylanishi masalaning muhim tomonidir.

Ta’kidlash joiz, qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar O`zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamidir va u qonunchilik hamda amaliyotning xalqaro me’yor va standartlariga to`liq mos keladi, shu bilan birga, ularning bir qismi BMTning inson huquqlari bo`yicha idoralari tavsiyalariga asoslangan.

Ayniqsa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu Qonun ko`p yillik muhokamalardan so`ng qabul qilindi. Qonun oiladagi zo`ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo`ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo`yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir. Bunday choralar, xususan, BMTning inson huquqlari bo`yicha idoralari tomonidan uzoq vaqt davomida tavsiya qilib kelingan.

Gender siyosatining monitoringi va samaradorligini baholash sohasida www.gender.stat.uz saytida qo`shimcha 54 ta gender ko`rsatkichlarini kiritish orqali muhim o`zgarishlar ro`y berdi.

Shu bilan birga, ushbu yo`nalishda davomiy izchil ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Bu yerda nafaqat qabul qilingan ko`rsatmalar, balki ularning xalqaro majburiyat va standartlarga muvofiqligi, joylarda o`z vaqtida va aniq bajarilishi ham muhim axamiyatga ega.

Pop tuman adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi
Sherzod Talobayev.