Янгиликлар
Adliya-xalq bilan birga!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga ham bu yil 31 toʻladi. Shu vaqt oraligʻida eʼtibor berilmagan soha, taraqqiy etmagan tizim qolmadi. Aholi va tadbirkorlik subʼektlarini har tomonlama qoʻllab quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Adliya vazirligi bir asr tarixga ega. Mustaqil Oʻzbekistonda odamlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni qonuniy manfaatlarini himoya qilib kelayotganiga ham 30 yil toʻldi. Bu davr oraligʻida fuqarolarning muammo va masalalariga eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi besh yil ichida barchani bir maqsad yoʻlida birlashtirib, Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi ilgari surilayotgani davlat tashkiloti va idoralarini Inson qadrini ulugʻlash, ularga zarur sharoitlarni yaratishga undamoqda.
Birgina Adliya vazirligi tizimida ham aholi va tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, fuqarolarning murojaatlarini tezkorlik va xolislik bilan hal etishda ayni muddao boʻlmoqda. Bu yoʻnalishda koʻplab misollarni aytish mumkin. Masalan, hududiy adliya boshqarmalari negizida tuman shahar adliya boʻlimlarini tashkil etilgani koʻplab insonlarni muammoli masalalarini ijobiy hal etilishiga imkon yaratdi. Shuningdek, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi yangi bosqichga olib chiqildi. Dastlab, aholimizga 37 turdagi davlat xizmatlarni koʻrsatgan davlat xizmatlari markazi bugungi kunga kelib 200 ga yaqin xizmat turlarini aholiga taklif etmoqda. Koʻrsatilayotgan xizmatlardan fuqarolarning emin-erkin foydalanishlari uchun tuman shahar markazlarida zamonaviy, har jihatdan qulay, intonatsion markazlar qurib foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda viloyatimizda ana shunday koʻrkam binolarda aholimizga davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Shu bilan birgalikda markazdan uzoqda joylashgan hudud aholisining uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish maqsadida davlat xizmatlari markazining filiallari tashkil etildi.
Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari toʻliq raqamlashtirilib, ekstiritorial tamoyil asosida aholiga xizmat koʻrsatayotgani odamlarni turli idoralar eshigi oldiga borib navbat kutishini oldi olindi.
Tuman shahar adliya boʻlimlari qoshida tashkil etilgan yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkilotlarga koʻrsatayotgan xizmati esa, barcha turdagi hujjatlarini qonuniyligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi koʻrsatuvimda Yangiqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi tomonidan ortda qolgan 7 oy davomida amalga oshirilgan ishlar, aholi va tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar hamda fuqarolarning murojaatlarining tahlili haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz.
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlari toʻla taʼminlanmoqda. Yangiqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni oʻrnida koʻrib chiqilishi esa aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda. Tuman adliya boʻlimi faoliyatini tahlil etadigan boʻlsak, shu yilning 7 oyida aholi va tadbirkorlik subʼektlaridan 248 ta murojaatlar kelib tushgan. Bularning 34 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 202 ta murojaat qanoatlantirilgan. Boʻlim tomonidan koʻrib chiqilgan murojaatlarni oʻrganish yakuni boʻyicha turli idora va tashkilotlarga jami 12 ta taqdimnoma, 30 ta aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan vakolatli organlarga taklif kiritilib, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlari qayta tiklanishiga erishildi. Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida 30 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 12 ta maʼmuriy organ qarori bekor qilingan. Sudlarga kiritilgan arizalar va daʼvo arizalari 135 tani tashkil qilib, 546 million soʻm pul undirilishi taʼminlandi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 mayda qabul qilingan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga esa har oy 100 foizlik ustama haq toʻlanishi belgilangan. Yangiqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimiga tumaning “Gʻayrat” mahallasida yashovchi fuqaro Muzaffar Mukarramovdan murojaat qildi. U oʻz murojaatida 1993 yil ona tili va adabiyoti fani boʻyicha oʻtkazilgan umumtaʼlim fanlari Respublika olimpiadasida qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, lekin shu kunga qadar qarorda koʻrsatilgan ustama pullarni olmaganligini bildirgan. Tuman adliya boʻlimining oʻrganishlari davomida murojaatchiga toʻlanmay kelinayotgan mablagʻlar undirib berishda amaliy yordam koʻrsatildi.
Yangiqoʻrgon tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 9-sonli umumtaʼlim maktabida ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Adolat Ahmadalievaning murojaati oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida fuqaro 2001 yili respublika fan olimpiadasida ona tili va adabiyoti fanidan 2-oʻrinni egallab, oʻsha yili Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining shu haqdagi guvohnomasini olgani aniqlandi. Biroq uning maoshiga qoʻshilishi kerak boʻlgan yuz foizlik ustama haqlari toʻlanmagan. Amaldagi tartibga koʻra, Adolat Ahmadalievaga 2019 yil 3 maydan 2021-2022 oʻquv yili yakuniga qadar boʻlgan davr uchun ustama mablagʻlari hisoblanishi kerak edi. Yangiqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi tomonidan tuman xalq taʼlimi boʻlimiga taqdimnoma kiritilib, murojaatchiga ustama pullari undirib berilishi taʼminlandi.
Adliya boʻlimlari qoshida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyilgan. Yangiqoʻrgʻon tumanida ushbu markaz tomonidan tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli maktab xodimlariga amaliy seminar tashkil etildi. Unda, elektron tizimdan foydalanish boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish, xodimlarni ishga qabul qilish maqsadida tumandagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari, tibbiyot birlashmasi tizimidagi poliklinikalar hamda tuman maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbarlariga yuridik xizmat koʻrsatish qamrovini kengaytishning foydali jihatlari xususida tushuntirishlar berildi.
Yangiqoʻrgʻon tumanida Yuridik xizmat koʻrsatish markazi tomonidan ham tashkilot va muassasalarga qonuniylik asosida xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Tumanda yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xususan, umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, davlat koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar xodimlari tomonidan yuborilayotgan hujjatlarni koʻrib chiqish va unlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilib, ularni qonuniy normalar asosida koʻrib chiqilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida “Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisida” gi nizomning 25-bandida, vrachlarga, oʻrta va kichik tibbiyot xodimlariga, shuningdek sogʻliqni saqlash barcha muassasalari farmatsevtika xodimlariga uzluksiz ish staji 5 yildan 10 yilgacha boʻlganda
tarif stavkasining 5 foizi miqdorida, 10 yildan 15 yilgacha boʻlganda 10 foizi miqdorida, 15 yildan 20 yilgacha boʻlganda 15 foizi miqdorida, oliy maʼlumotga ega boʻlgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 20 foizi miqdorida, 20 yildan ortiq boʻlganda 20 foizi miqdorida belgilanishi, oliy maʼlumotga ega boʻlgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 30 foizi miqdorida ustamalar toʻlanishi belgilangan.
Biroq, Yangiqoʻrgʻon tuman maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli maktabgacha taʼlim tashkiloti hamshiralarining 37 nafariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan uzluksiz ish stajiga qoʻshib berilish lozim boʻlgan jami 2019 yil may oyidan hozirga qadar 200 million soʻmga yaqin boʻlgan ustama pullari toʻlab berilmaganligi aniqlanib belgilangan tartibda tuman adliya boʻlimiga xabarnoma kiritilgan edi.
Natijada, tuman adliya boʻlimi tomonidan hamshiralarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudiga davo arizalari kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga koʻra, 37 nafar xodimga 200 million soʻmga yaqin ustamalar toʻlab berilishiga erishildi.
Maʼlumki, inson tugʻilib, to umrining oxiriga qadar boʻlgan vaqt mobaynida bir necha marotaba fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga murojaat qiladi hamda tugʻilish, nikoh tuzish va nikohdan ajralish kabi xizmatlardan foydalanadi. Yaʼni, hayotiy muhim holatlarimiz aynan FHDYo boʻlimlarida qayd etiladi. Avvallari tugʻilish, nikoh va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun kelgan fuqarolarda birinchi galda doimiy roʻyxatdan oʻtgan manzili surishtirilar, agar boshqa tumanda istiqomat qilsa oʻz joyga borib xizmatdan foydalanishi kerakligi aytilardi. Oradan bir qancha yillar oʻtdi. Zamon shiddat bilan rivojlanishi barcha sohalar qatori aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini ham yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar oʻzlariga yaqin boʻlgan hududda joylashgan FHDYo boʻlimiga borib barcha xizmatlardan emin erkin foydalanishlari mumkin.
Yana bir muhim jihat avval qoʻl yozma shaklda taqdim etilgan tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi va boshqa turdagi gerbli guvohnomalar bugunga kelib elektron ravishda toʻldirilib, barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari “FHDYo Yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritib borilmoqda. Bu esa, yillar oʻtib biror bir hujjatga ehtiyoj sezgan fuqarolarning ortiqcha vaqt sarf etishining oldini oladi. Bundan tashqari, toʻlovlar billing invoys orqali toʻlanishi sababli uzoqda joylashgan bank yoki kassaga borish uchun vaqt sarflanmaydi. Elektron tizim yoʻlga qoʻyilgani sababli tibbiyot muassasalari bilan, tugʻruqxonada bola tugʻilishi bilan elektron ravishda FHDYo boʻlimiga ona va bola haqidagi maʼlumotlar qisqa vaqt ichida yetib keladi. Fuqarolarni quvontirgan yana bir yangilik endilikda farzandi tugʻilganda beriladigan bir martalik suyunchi puli ota-onalarning bank plastik kartasiga tashlab berilayotagani boʻldi. Bunday imkoniyat esa, xizmatdan foydalanayotgan aholini vaqtini tejalishiga xizmat qilmoqda.
Respublikamizda davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram prezidentimizning “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish koʻzda tutilgan. Joriy yilning 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Unda, “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Shaxsni mazkur tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Bu ham boʻlsa fuqarolarning davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishlarida ayni muddao boʻladi.
Fuqarolarning mushkulini oson qilishi bilan birga ularni muammolariga yechim topishda davlat xizmatlari markazlari yaqindan koʻmakdosh vazifasini oʻtamoqda. Avvallari fuqarolar bir hujjat ortidan bir necha davlat idoralariga borib oʻz yumishlarini bajargan boʻlsalar hozirga kelib, koʻplab davlat xizmatlaridan bir joyning oʻzida foydalanish imkoniyati paydo boʻlgani yurtdoshlarimizni mamnun etmoqda.
Davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati doimiy nazoratda boʻlib, xodimlarning fuqarolar bilan muomala layoqati, xizmatning tezkor va shaffofligi koʻzdan kechiriladi. Shuningdek, xizmatdan foydalanish uchun kelgan fuqarolar bilan xizmatlarning qulayligi yuzasidan muntazam suhbatlar tashkil etiladi. Ularning taklif va mulohazalari tinglanib, zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Davlat xizmatlari markazi xodimlari aholiga sifatli xizmat koʻrsatish barobarida markazdan olisda joylashgan hududlarda sayyor xizmat koʻrsatish tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, markaz xodimlari tomonidan belgilangan grafik asosida qishloq va ovullarda ortda qolgan 7 oy davomida 3260 ta sayyor tartibda xizmat koʻrsatilgan. Bundan 86 tasi tadbirkor sifatida davlat roʻyhatidan oʻtkazilgan. Bu galgi sayyor xizmat tadbiri tumanining “Dehqon bozori”da oʻtkazildi. Dastlab, tuman adliya boʻlimi xodimlari aholi va tadbirkorlik subʼektlari uchun sohaga doir tushuntirish ishlarini olib bordilar. Unda, tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish tartibi davlat bojlari va boshqa davlat xizmatlari toʻgʻrisida tushunchalar berildi. Shundan soʻng, fuqarolaga sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Davlat xizmatlari agentligi aholiga qulayliklar yaratish yoʻlida olib borayotgan islohotlari fuqarolarning uzogʻi yaqin boʻlishiga xizmat qilmoqda. Birgina, tuman, shahar markazidan olisda joylashgan hududlarda davlat xizmatlari markazining filiali ish boshlagani odamlarni oʻz mahallasidan chiqmagan holda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini bermoqda. Viloyatimizda 10 tadan ortiq filial faoliyat olib boramoqda. Shularning biri Yangiqoʻrgʻon tumanidan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman davlat xizmatlari markazining “Bekobod” filiali sanaladi. Aholining uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish yoʻlida xizmat koʻrsatayotgan mazkur manzilda haftaning seshanba va juma kunlari fuqarolar qabul qilinadi.
Shu yerlik aholini davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji qondirilayotgani keksayu yoshni birdek mamnun etmoqda. Bizga berilgan maʼlumotlaga qaraganda shu yilning 7 oyida filial tomonidan 2700 ta xizmat koʻrsatilib, shundan 36 tasi tadbirkorlik subʼekti sifatida davlat roʻyhatidan oʻtkazilgan. Markaz xodimlari aholini murojaatlarini oʻrganishda mahalladagi “Hokim yordamchisi” va “Yoshlar yetakchisi” bilan hamkolikda ish olib boriladi. Bunda, mahalla ahlini tadbirkorlikka keng jalb qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Yangiqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlari taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har bir fuqaroning murojaati oʻrganilib tegishliligi boʻyicha bartaraf etilayotgani aholini mamnun etmoqda. Yurtimizda, inson qadrini ulugʻlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlarga adliya boʻlimning har bir tarmogʻi oʻzining munosib xissasini qoʻshib kelmoqda.
Xayrullo Sabirov
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig’i
Kanalga ulanish: https://t.me/namanganadliya