Янгиликлар
Malakali tibbiy yordamning konstitutsiyaviy kafolati yanada kengaymoqda.
Maʼlumki, jamiyatdagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq jarayonlarda, shu jumladan qonunchilikni takomillashtirishda ham keng jamoatchilikning ishtiroki muhim mezonlardan biri hisoblanadi.
Shu maʼnoda olganda, mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi oʻtkazildi.
Oʻz navbatida, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Shuningdek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiya davlatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, ayniqsa, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Shu bois, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalarning salmoqli qismi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga taalluqlidir.
Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi – fuqarolarning ana shunday huquqlaridan biri hisoblanadi. Albatta, har bir inson, tugʻilganidan boshlab umrining oxiriga qadar bir necha bor ushbu xizmatdan foydalanishiga toʻgʻri kelishi barchamizga maʼlum. Shu nuqtayi nazardan olganda, fuqarolar sogʻligining muhofazasi, ularning tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini Bosh qomus darajasida kafolatlanishi muhum ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, Konstitutsiyamizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Loyhada esa fuqarolarning muzkur huquqlarining konstitutsiyaviy kafolati yanada kengaymoqda.
Ahamiyatli jihati, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mazkur modda yanada kengaytirilib, har kim sogʻligining muhofaza qilinishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham oʻz ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekanligi, davlat sogʻliqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, tibbiy sugʻurtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha zarur choralar koʻrishi belgilab oʻtilmoqda.
Taʼkidlash lozim, Konstitutsiyamizga bu kabi normalarning kiritilishi aholi salomatligini muhofaza qilishda, fuqarolarni malakali tibbiy xizmatdan, tez va shoshilinch tibbiy yordamdan foydalanishida, sogʻliqni saqlashning barcha tizimlarini rivojlanishida davlatning gʻamxoʻrligi va kafolatini Bosh qomus darajasida mustahkamlanishini taʼminlaydi.
Eʼtiborlisi, bu kabi normalarni ishlab chiqishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalari bilan bir qatorda minglab fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, tibbiyot xodimlarining takliflari inobatga olingan.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda jamiyatning har bir jabhasi, kundalik hayotimiz Konstitutsiyamizda belgilangan meʼyorlar bilan uzviy bogʻliqdir. Unga kiritilayotgan yuqoridagi kabi oʻzgartirishlar esa fuqarolarning huquq va erkinligini kafolatlash, shu jumladan aholi salomatligi davlat siyosatining ustuvor yoʻlanishi ekanligidan dalolat beradi.
Orifjon Ibrahimov
Viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi.