Янгиликлар
MEHNAT TA’TILI MUDDATI QANDAY HISOBLAB CHIQILADI
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 133 va 134-moddalariga ko‘ra barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik asosiy mehnat ta’tillari berilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 17-martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan (ro‘yhat raqami 2985) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Yillik mehnat ta’tili vaqtida saqlanib qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan ta’til muddati 6 kunlik ish haftasi hisob-kitobidan (tashkilotda 5 kunlik ish haftasi belgilangan bo‘lsa ham) kalendar bo‘yicha ish kunlarida hisoblab chiqiladi hamda ta’til kunlarini hisob-kitob qilishda mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan dam olish (yakshanba), ish kuni bo‘lmagan bayram kunlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar hisobga olinmaydi. Masalan, xodim 2022-yil 2-iyul kunidan boshlab 18 ish kuniga mehnat ta’tiliga chiqadigan bo‘lsa, 3-iyul (yakshanba) shuningdek, ta’til davriga to‘g‘ri kelgan boshqa yakshanba kunlari, 9-iyul (Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni deb rasman e’lon qilinsa) hamda 11-12-iyul (qo‘shimcha dam olish kunlari) ta’til kunlari sifatida hisobga olinmasligi lozim.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining
141-moddasiga muvofiq ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to‘liq ta’til miqdorini o‘n ikkiga bo‘lib, so‘ng to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda o‘n besh kalendar kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, o‘n besh kalendar kundan kami esa chiqarib tashlanadi. Misol uchun, xodimga mehnat shartnomasida 15 ish kuni asosiy ta’til va 3 ish kuni qo‘shimcha ta’til belgilangan bo‘lib uning umumiy muddati jami 18 ish kuniga to‘g‘ri kelsa hamda xodim 2021-yil 1-noyabrda ish boshlab 2022-yil 20-iyun kunida u bilan o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilingan bo‘lsa, unga yaxlitlangan holda ishlagan 8 oylik ish davri uchun (18/12=1.5 va 1.5*8=12) 12 ish kuniga mehnat ta’tili hisoblanadi va Mehnat kodeksining 151-moddasiga muvofiq pullik kompensatsiya to‘lanadi.
To‘raqo‘rg‘on tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti
X.Axmadxonov