Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Aliment endi qanday undiriladi ?.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96, 100-moddalarida, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shunimngdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir hisoblanadi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv tuziladi, bunday kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da‘vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga etmagan bolaning ta‘minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir. Bundan tashqari aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni bir yo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab, farzand 18 yoshga yetgunga qadar ayrim holarda voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarga ham undirilishi mumkin.
Aliment qarzi aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi,pensiya, stipendiya va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan, tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi, mulk huquqining o‘tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno hisoblanadi. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Amaldagi Oila Kodeksining 99-moddasiga asosan, aliment sud tomonidan belgilanganda ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:
- bir nafar bola uchun – to‘rtdan bir qismi;
- ikki nafar bola uchun – uchdan bir qismi;
- uch va undan ortiq nafar bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin. Alimentning ixtiyoriy ravishda to‘lab turilishi aliment undiruvchini aliment undirish haqidagi da’vo yoki ariza bilan xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi. Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin. Shuningdek, sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo‘lsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lanmay qolgan aliment summasining o‘ndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka to‘laydi. Bundan tashqari Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma’muriyati aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, 3 kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to‘lashi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobidan unga o‘tkazishi shart hisoblanadi.
Alimentlarni oldindan to‘lash oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan bo‘lsa, oldindan to‘langan alimentlar uchun keyingi davrlarda aliment to‘lovchining oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadi ko‘payishi natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha aliment to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilmaydi. Aliment miqdori sud tartibida belgilanganidan keyin taraflardan birining moddiy yoki oilaviy ahvoli o‘zgarsa, sud ulardan har birining talabiga ko‘ra alimentning belgilangan miqdorini o‘zgartirishga yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsni aliment to‘lashdan ozod qilishga haqli. Shuningdek, aliment miqdorini o‘zgartirishda yoki uni to‘lashdan ozod qilishda sud taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini hisobga olishga mumkin. Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning o‘zaro roziligi bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lanadigan hollar bundan mustasno. Agar sud aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra aliment to‘lamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yig‘ilgan aliment qarzni to‘lashga imkon bermaydi deb topsa, aliment to‘lovchining da’vosiga binoan uni aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga haqlidir. Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart hisoblanadi. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining o‘limi, mazkur kelishuv muddatining o‘tishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra tugatiladi.

Markaz bosh yuriskonsulti
X.Usmonov