Янгиликлар
Umumta’lim maktablarida o’qituvchilarga dars taqsimoti qanday mezonlar asosida amalga oshiriladi
Mamlakatimizda xalq ta`limi tizimini tubdan isloh qilish va umumta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnatiga munosib haq to`lash mexanizmini takomillashtirish bo`yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 20-iyundagi 8-mh, 28, 124/1-son qaroriga bilan tasdiqlangan Nizomga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish uchun umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi ishlab chiqilishi belgilangan. Ushbu o‘quv rejasi asosida har yili 10-sentabrga qadar umumta’lim muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiriladi. Umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari taqsimlanadi. Ushbu Nizomga binonan o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:
xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan o‘qituvchilar;
asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblari;
respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari;
ikkinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar;
pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;
belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;
oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;
qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;
oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;
pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;
oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;
oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchilarga berilishi mumkin. O‘qituvchi yuqorida ko’rsatilgan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi. Aynan bir xil ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan bir nechta o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.
Norin tuman Yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i
O.Bekmirzayev