Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Adliya bo‘limlari xalqqa yaqindan xizmat ko‘rsatmoqda.


Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, birinchi navbatda, yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil yetish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimi shaklantirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tashkil etilgan edi. Mazkur tizim faoliyat boshlab fuqarolarining huquqiy manfaatlari himoya qilayotganiga ham 4 yil to‘ldi. Shu qisqa vaqt mobaynida aholi va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo va masalalariga ijobiy yechim topib odamlarni davlat idorasiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga o‘zining amaliy ishlari bilan hissa qo‘shmoqda.

Chortoq tuman adliya bo‘limi faoliyatini tahlil etadigan bo‘lsak, shu yilning 5 oyida aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan 155 ta murojaatlar kelib tushgan. Bulaning 20 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 135 ta murojaat qanoatlantirilgan. Buning natijasida 538 million pul undirilishi ta’minlandi. Jumladan, Chortoq tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarida menejer lavozimidan faoliyat olib borayotgan xodimlarning murojaatlari o‘rganib chiqildi. Unda aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 - sentabrdagi 743 - sonli qarorining 4 ilova talablariga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlarga qaror talablaridan kelib chiqib, 6 - razryad belgilangan bo‘lsada xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 5 - razryad asosida ish haqi to‘langani ma’lum bo‘ldi. Buning natijasida esa, 2020 - yil 45 million so‘mdan ortiq mablag‘, 2021 - yilda 55 milliondan ziyod jami 96.446.740 so‘m pul mablag‘i to‘lab to‘lanmagan. Tuman adliya bo‘limi aralashuvi bilan 56 ta umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish haqlari undirib berildi.

Chortoq tumani tibbiyot birlashmasida faoliyat olib borayotgan shifokor Turdali Ma’simov adliya bo‘limiga murojaat qildi. U o‘z mehnat vazifasini ado etayotganida baxtsiz hodisaga uchragan. Shu sababli 2019 - yilning avgust oyidan 2020 - yilning iyul oyiga qadar mehnat faoliyatini olib bormagan. Shu davr mobaynida unga oylik ish haqqi to‘lanmagan. Adliya bo‘limining sa’y-harakati bilan murojaat ijobiy yechim topdi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish va intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda tizim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ushbu sohalarda muvofiqlashgan faoliyatni ta’minlash hamda mavjud ma’muriy tuzilmalarning yaxlit vertikal boshqaruvini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda. Mamlakatimizda adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlash, aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish, deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor qilish, funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va takrorlanishlarning oldini olish orqali budjet mablag‘larini tejash va ulardan oqilona foydalanish, shu jumladan aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida Davlatimiz rahbarining shu yil 17 martdagi farmoni bilan Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari hamda Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlarini vazifa, funksiya va vakolatlarini Adliya vazirligiga qo‘shib yuborildi. Bu o‘z navbatida fuqarolarga bir joyning o‘zida xizmat ko‘rsatish imkonini yaratmoqda. Tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan ham ortda qolgan 5 oy davomida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 16 723 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib shundan 16 467 tasi ijobiy hal etilgan., Shuningdek, markaz binosida aholiga qulaylik yaratish maqsadida “O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish” burchaklari tashkil etilgan. Bu ham bo‘lsa, fuqarolarning davlat xizmatlaridan emin-yerkin foydalanishlariga zamin yaratadi. Biror bir xizmatdan foydalanish istagidagi aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bepul internetdan foydalangan holda xizmat olishi mumkin bo‘ladi.

Davlat xizmatlari markazi xodimlari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish barobarida markazdan olisda joylashgan hududlarda sayyor xizmat ko‘rsatish tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, markaz xodimlari tomonidan belgilangan grafik asosida qishloq va ovullarda ortda qolgan 5 oy davomida 2887 ta sayyor tartibda xizmat ko‘rsatilgan. Bundan 147 tasi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu galgi sayyor xizmat tadbiri tumaning “Qorabog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi. Dastlab, tuman adliya bo‘limi xodimlari hamda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlar mahalla aholisiga sohaga doir tushuntirish ishlarini olib bordilar. Shundan so‘ng, fuqarolarga kadastr pasportini shakllantirish, farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga navbatga qo‘yish hamda kommunal sohaga doir xizmatlar ko‘rsatildi.

Davlat xizmatlari agentligi aholiga qulayliklar yaratish yo‘lida olib borayotgan islohotlari fuqarolarning uzog‘i yaqin bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Birgina, tuman, shahar markazidan olisda joylashgan hududlarda davlat xizmatlari markazining filiali ish boshlagani odamlarni o‘z mahallasidan chiqmagan holda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini bermoqda. Viloyatimizda 15 tadan ortiq filial faoliyat olib bormoqda. Shularning biri Chortoq tumanidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman davlat xizmatlari markazining “Baliqliko‘l” filiali sanaladi. Aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish yo‘lida xizmat ko‘rsatayotgan mazkur manzilda haftaning seshanba va juma kunlari fuqarolar qabul qilinadi. Shu yerlik aholini davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilayotgani keksa-yu yoshni birdek mamnun etmoqda. Bizga berilgan ma’lumotlarga qaraganda shu yilning 5 oyida filial tomonidan 705 ta xizmat ko‘rsatilib, shundan 56 tasi tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yhatidan o‘tkazilgan.

Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yoshlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, mahallalarda oilaviy qadriyatlarni asrab avaylash, oilalar mustahkamligini ta’minlash maqsadida “Oila muqaddas dargoh” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda, erta turmushni oldini olish, ajrimlarga barham berish, oilalarda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilinadi. Tashkil etilgan seminarda oilalar mustahkamligini ta’minlash, yosh kelin-kuyovlarni yangi hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘z maslahatlarini berdilar. Shuningdek, aksariyat hollarda oilaviy nizolar arzimagan sabablar tufayli yuzaga kelayotgani, bunda yoshlarning nikohga bepisand munosabatda bo‘layotgani ta’kidlandi. Albatta, oila qurishda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan xolda barcha harakatlar qonuniy tarzda amalga oshirilsa, ajrimlar soni kamayishi, oilaning jamiyatdagi nufuzi yanada yuksalishi va bu orqali xotin-qizlar huquqi poymol bo‘lishining oldini olish mumkinligi tushuntirildi. Imom-xatiblar, otinoyilar oila mustahkamligini ta’minlash yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdilar. Shu kuni nikohi o‘z vaqtida qayd qilinmagan fuqarolarga tug‘ilganlik guvohnomasi berilgan bo‘lsa yana ikki fuqaroning muddati o‘tgan tug‘ilganlik guvohnomasi tantanali topshirildi.

Adliya bo‘limlari qoshida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yilgan. Chortoq tumanida ushbu markaz tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktab xodimlariga amaliy seminar tashkil etildi. Unda, elektron tizimdan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish, xodimlarni ishga qabul qilish maqsadida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, tibbiyot birlashmasi tizimidagi poliklinikalar hamda tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarining rahbarlariga yuridik xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytishning foydali jihatlari xususida tushuntirishlar berildi. Seminar so‘ngida ishtirokchilarga yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, shuningdek “E-huquqshunos” dasturining asosiy jihatlarini aks ettirgan maxsus bukletlar tarqatildi. Shuningdek, dasturni ishlash tartibi haqida tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga markaz xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida aholining barcha qatlamlarining huquqiy savodxonlikka erishishi, o‘z huquqlarini biladigan va ularni kundalik hayotda qo‘llay olishi muhim ekanligi belgilangan. Ana shunday munosabatlarni tizimli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, mahallada, yoshlar o‘rtasida, o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan aniq Dastur asosida ishlar tashkil etiladi. Chortoq tumanida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida viloyat adliya boshqarmasi, tuman adliya bo‘limi hamda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini olib borildi. Chortoq tumanin ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning otda qolgan 5 oyi davomida 173 ta jinoyat sodir etilgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygan. Tumandagi 58 ta mahalla fuqarolar yig‘ining 15 tasi qizil hududga kiritilgan. Xususan, Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inida 5 oy davomida 5 ta jinoyat sodir etilgan. Mazkur mahallada o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida mahalla ahliga jinoyatni kelin chiqish sabablari, uning kelgusidagi oqibatlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Tumanning yana bir mahallasi “Baliqko‘l”da esa 5 oy ichida birorta ham jinoyat qayd etilmagan. Bu esa, mazkur mahallada daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘z natijasini berayotganidan darak. Bu gal ham tuman adliya bo‘limi, mahalla raisi, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektori bilan hamkorlikda xonadonlarga kirib, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Unda, sohaga doir buklet va flaerlar tarqatildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlari ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir fuqaroning murojaati o‘rganilib tegishliligi bo‘yicha bartaraf etilayotgani aholini mamnun etmoqda. Yurtimizda, inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga adliya bo‘limning har bir tarmog‘i o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

Xayrulla Sabirov,
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i