Янгиликлар
Gyender tenglik barchamiz teng huquqlimiz
Maʼlumki, biz yashayotgan davr yangilanayotgan Oʻzbekistonning islohotlarida inson manfaatlarining ustunligiga qaratilgan bir paytda, hali ham oilaviy nizolarning juda katta qismi erkaklar tomonidan ayol huquqlarining tan olinmaslik holatlari shuningdek, ayrim holatlarda jamiyatda ham xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlariga yetarlicha ahamiyat berilmayotgani haqiqatdir.
2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining qonuni xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrniga qaratilgan huquqiy himoya, huquqiy kafolat siaftida maʼqullangandi.
Shuningdek, qonunda gender tushunchasi ham qayd etilgan boʻlib, unga koʻra, gender — xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihati koʻrsatilgan. Demak, gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Balki har ikki jins vakillarining oʻz orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi, xolos. Aynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri bu erkak va ayol huquqlari tengligining taʼminlanishidadir.
Mazkur asosning yana bir huquqiy kafolati bu Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilanganligidir. Demak, gender tengligining ham xalqaro huquqiy ham, konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlangan. Gender tengligi ijtimoiy tenglikni ham anglatadi. Bunday tenglikni taʼminlash uchun Konstitutsiya va qonunlarga zarur qoidalarni kiritishning oʻzi kifoya emas.
Shu bois ham, 2019-yilning 2-sentyabrida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga taʼrif berilgan.
Unga koʻra, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilandi.
Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etildi.
Komissiyaning asosiy vazifalari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu sohada davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, ushbu sohada qilingan ishlar boʻyicha har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish sohasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.
Qonuniy huquq va erkinliklardan foydalanishda jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik ayrim ijtimoiy munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
Qonunning 13-moddasida davlat organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi vakolatlari hamda 15-moddasida fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi ishtiroklari belgilandi.
Agar shaxs oʻzini jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa,vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlib, bunda jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmasligi, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmatlarga haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanishi hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan.
Hayot shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda jamiyat ham taraqqiy etar ekan, insonlar ham zamon bilan hamnafas boʻlishga harakat qilashadi. Bu ayollarga ham tegishlidir. Endilikda ayollar faqat uy-ishlari, bola tarbiyasi bilan shugʻullanib, “ yo oila, yo ish” ,- degan fikrlar gender tengligiga toʻsqinlik qiladi. Koʻrib turibmizki, rivojlanishning eng oʻtkir muammolaridan biri tenglikka erishish, ayniqsa, jamiyatda ham, oilada ham erkak va ayolning gender tengiligiga erishish eng ogʻir masalalardan biridir. Ming afsuski, xotin-qizlar koʻpincha rivojlanish jarayonidan chetda qoladi va hatto unda ishtirok etgan taqdirda ham juda katta qiyinchiliklar va hatto yoʻqotishlar (Bunda koʻpgina hollarda oilaviy nizolar, ajrimlar) evaziga erishadi. Mazkur holatni oldini olishda qonunning 25-moddasida Uy mehnati jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshiriladi”-deb belgilangan. Aynan 21-modda esa, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini belgilagan. Bugun xotin-qizlar bandligini taʼminlash ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlaridan biri, xalq turmush darajasi va sifatini yuksaltirishning muhim sharti sifatida belgilangan. Biz esa, qonunlarni qabul qilamizu, amalga oshirish uchun aholining huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuksak boʻlishini taʼminlamasak, yana sunʼiy toʻsiqlarga duch kelaveramiz.
Zulfiya Axmedxodjayeva
Namangan viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi