Янгиликлар
QONUNCHILIKNI TA’MINLASHGA BARCHAMIZ BIRDEK MAS’ULMIZ!
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomning 10-bandida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish va o‘rganish, natijalari bo‘yicha qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga oid takliflar tayyorlash adliya organlarining asosiy funksiyalaridan biri etib belgilangan.
Mazkur funksiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan doimiy ravishda qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyoti monitoring va tahlil qilinib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib borilmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-apreldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga «E-qaror» elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 390-son qaroriga asosan, o‘tkazilgan monitoringlar davomida Chortoq tuman hokimligi tomonidan 2022-yil 21-yanvar kuni 5-6-88-F/22-sonli farmoyishni qabul qilishda amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilmaganligi aniqlandi.
Jumladan, mazkur farmoyish bilan fuqaro N.O.ga tumandagi “Zangobod” MFY hududidagi qarovsiz, ta’mirtalab, yaroqsiz, hozirda bo‘sh bo‘lgan sobiq “Amfiteatr” binosini tikuvchilik sexiga moslashtirib, binodan (binolarni buzish, sotish, hadya qilish, bo‘lish, boshqa shaxsga o‘tkazish, ayirboshlash va boshqa usullar bilan begonalashtirish huquqisiz hamda kapital qurilish qilmaslik sharti bilan) ijara asosida vaqtincha tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun ruxsat berilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5666-son Farmonining 4-bandida 2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat ko‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berish bo‘yicha savdolar «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, aniqlangan holat bo‘yicha boshqarma tomonidan Chortoq tuman hokimligiga qonunchilik hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarini bartaraf etish va tuman hokimining 2022-yil 21-yanvardagi 5-6-88-F/22-sonli farmoyishini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritildi va Farmon talablariga zid qabul qilingan hujjatning bekor qilinishi ta’minlandi.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga keng va teng sharoitlar yaratib berish, bunda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yer uchastkalari bo‘ladimi, bo‘sh turgan bino-inshootlar bo‘ladimi, ularning barchasini ajratish va haqiqiy egalarini aniqlash ochiq elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilib, barcha uchun erkin ishtirok etish imkoniyatlari berilmoqda.
Shunday ekan, bu borada amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, bunda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish bilan bir qatorda qonunchilik hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishiga samarali ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Abduraxim MUSASHAYXOV
Namangan viloyat adliya boshqarmasining
Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi boshlig‘i