Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Firibgarlik – ildiz otib borayotgan illat(mi?)


Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat qonunchiligiga koʻra, firibgarlik - aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishda ifodalanadi. Bundan koʻrinadiki, firibgarlik jinoyatini tashkil qiluvchi harakatlar oʻzga shaxsni aldashni yoki ishonchni suiisteʼmol qilishga qaratilgan va buning natijasida oʻzga shaxsning mol-mulkini qoʻlga kiritishga qaratilgan harakatlarni qamrab oladi.

Qonunchilikka koʻra, firibgarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan boʻlib, jazoni ogʻirlashtiruvchi hollarda jazoning miqdori yoki turlari oʻzgarib borgan. Bunda, firibgarlik uchun belgilangan jazolarning eng ogʻiri oʻn yilgacha ozodlikni mahrum qilish hisoblanadi.
Shuni taʼkidlash kerakki, ilm-fan va texnika taraqqiyoti firibgarlik jinoyati turlari va uni sodir etish usullarini ham keskin oʻzgartirib yubordi. Endilikda firibgarlik axborot vositalari yoki internet tarmoqlaridan foydalangan holda, turli oʻyinlar va boshqa koʻngilochar vositalarga qiziqtirish orqali, bank plastik kartalari va moliyaviy tizimlarga xakkerlik hujumlarini uyushtirish orqali sodir etilmoqda. Firibgarlik jinoyatlarini sodir etish usul va uslublari, vositalaridan kelib chiqqan holda sanab chiqadigan boʻlsa, uning oxiriga yetishning imkoni yoʻq. Chunki, texnika taraqqiyoti tufayli kengayib borayotgan imkoniyatlar firibgarlikni kasb qilib olgan shaxslar uchun noqonuniy yoʻl bilan pul topish borasida turli yangi yangi yoʻllarni qidirib topishlariga ilhom manbai boʻlib kelyapti desak adashmaymiz.
Firibgarlik jinoyatining subyektlari yosh jihatdan ham, jins jihatidan ham, kasb jihatidan juda koʻp shaxslarni qamrab olyapti. Yaʼni, oliy maʼlumotli yoki umumtaʼlim maktabi maʼlumotiga ega shaxslar, ayollar yoki erkaklar, 18 yoshli insonlar yoki 70 yoshli keksalar ham bu jinoyatni sodir etishi koʻp. Boshqa jihatdan firibgarlik viktim sabablari yuqori boʻlgan jinoyatlardan sanaladi. Yaʼni, koʻp hollarda jabrlanuvchilarning ishonuvchanligi, soddaligi, qonunlarni yaxshi bilmasligi yoki qonuni chetlab oʻtishga harakat qilishlari oqibatda firibgarlik qurboni boʻlishiga olib keladi.
Firibgarlik kundan kunga jamiyatimizda keng tarqalib borayotgan jinoyat turlaridan sanalib, uning soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu kabi jinoyatlarga qarshi kurashishda, bunday jinoyatlarga jazo choralarini kuchaytirishning oʻzi yetarli emas.
Firibgarlik jinoyatlarini kamaytirib borish uchun eng avvalo, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularni qonunlarning mazmun-mohiyatidan oddiy va sodda tarzda boxabar qilib borish kerak. Shu bilan birga, keng tarqalib borayotgan yoki yangi usulllarda sodir etilayotgan firibgarlik jinoyatlari turlarini alohida ajratib olib, ular haqida fuqarolarga batafsil axborot berib borish maqsadga muvofiq. Xususan, plastik kartalardagi mablagʻlarni yechib olish, turli xil qimor oʻyinlariga jalb qilish kabi yangilanib borayotgan firibgarlik jinoyatlarining batafsil tafsilotlarini berib borish yaxshi samara beradi. Shu bilan birga, maʼlum bir vaqtlar sodir etish koʻpayadigan mavsumiy turlari(oʻqishga kiritib qoʻyish, haj marosimiga yoki sayohatga yuborish) boʻyicha fuqarolarga alohida tushuntirib borish maqsadga muvofiq boʻladi.
Shu oʻrinda fuqarolarga eslatib oʻtish kerakki, firibgar – har doim qonunni aylanib oʻtishni taklif qiladi. Biror bir shaxs Sizga qonunni aylanib oʻtish orqali ishingizni hal qilib berishni taklif etyaptimi, demak u firibgar, aslo ishonmang. Boshqa shaxsga yillab topgan mablagʻlaringizni tutqazishdan oldin qonunda nima deyilgani bilan bir tanishib qoʻying, kerak boʻlsa huquqshunos bilan maslahatlashing. Aslo firibgarlar tuzogʻiga tusha koʻrmang.


Azamat Shamsiddinov,
Uchqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi
bosh maslahatchisi