Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Huquqni qo‘llash amaliyoti: tahlil va samara


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3666-son Qaroriga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha soalarida olib borilayotgan islohotlarda huquqni amalga oshirish, xususan huquqni qo‘llash jarayonini takomillashtirish masalalariga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, huquqni qo‘llash – huquq normalari talabini amalga oshirishning asosiy shakllaridan biridir. Huquqni qo‘llash faoliyati huquq normasini to‘la-to‘kis tatbiq etish uchun vakolatli organ yoki mansabdor shaxsning aralashuvi talab etilgan hollarda zaruriyatga aylanadi. Huquqni qo‘llash faoliyati hokimiy xarakterga hamda unda qaror tegishli organning irodasi mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.

Yuridik adabiyotlarida huquqni amalga oshirish xususuda turlicha qarashlar o‘z ifodasini topgan. Masalan, huquqiy davlat nazariyasini falsafiy jihatdan asoslab bergan olimlardan biri I.Kant huquqni amalga oshirish yuzasidan quyidagicha fikrlarni ilgari surgan: “Huquqning amalga oshrilishi uning umummajburiy bo‘lishini talab etadi. Huquq majburiy kuch ishlatmasdan o‘z funksiyasini amalga oshirishga qodir emas va qat’iy imperativ umumiy qonun sifatida o‘z muqarrarligidan mahrum bo‘ladi. Huquqni majburiy kuch bilan faqat majburiyatning asl va birlamchi egasi- davlat ta’minlay oladi. Shunisi ham borki, davlatchilik huquqqa hayot bag‘ishlaydi va qat’iy imperativ talablarini oqlaydi”.

Huquqshunos olim Sh.Saydullayev esa, “huquqni amalga oshirish – bu davlat tomonidan yuridik jihatdan mustahkamlangan va kafolatlangan imkoniyatlarning amalga oshirilishi bo‘lib, huquq normalarini kishilar va ularning tashkilotlari faoliyatlarida hayotga tatbiq etilishidir”, degan ta’rifni bergan.

Huquqshunos olima M.Axmedshayevaning ta’kidlashicha, “huquqni qo‘llash jarayoni, bu – qonunda belgilangan protsessual tartibda, tegishli vakolatga ega bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan, huquq normasini hayotiy holat va vaziyatlarga qo‘llash yo‘li bilan muayyan yuridik ahamiyatga molik masalani hal etishga qaratilgan davlat faoliyatidir”.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan huquqni qo‘llash jarayoniga qo‘yiladigan 4 ta asosiy talab mavjud.

Jumladan:

1. Huquqni qo‘llash jarayonida qonuniylik talabi.

Ushbu talab huquqni qo‘llayotgan davlat organi yoki tashkilotidan muayyan holatni hal etishda albatta, huquqqa asoslanishini nazarda tutadi. Ayni paytda ushbu talab hal qilinishi lozim bo‘lgan ishni ko‘rib chiqishning belgilangan tartibotiga to‘la va qat’iy amal qilinishi kerakligini anglatadi.

2. Huquqni qo‘llash jarayonida asoslantirilganlik talabi.

Bu talab shuni anglatadiki, huquqni qo‘llayotgan davlat organi yoki tashkiloti birinchidan, ishga daxldor bo‘lgan barcha fakt va holatlar aniqlangan bo‘lishi kerak; ikkinchidan, aniqlangan faktlar sinchiklab o‘rganilishi va xolisona baholanishi va ishonchli deb topilishi lozim; uchinchidan, barcha isbotlanmagan va shubha uyg‘otgan faktlar rad etilishi kerak.

3. Huquqni qo‘llash jarayonida maqsadga muvofiqlik talabi.

Ushbu talab mazmunan murakkab bo‘lib, u o‘zida ikki jihatni qamrab olgan: birinchidan, qonun chiqaruvchi tomonidan qabul qilingan har qanday normativ hujjat va undagi normalar maqsadga muvofiq, shu bois ham ular qabul qilingan. Muayyan munosabatlarni tartibga solish ehtiyoji natijasida bu normativ hujjat va undagi normalar qabul qilingan. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, huquqdagi maqsadga muvofiqlik – bu muayyan davlat organi yoki mansabdor shaxs faoliyatining qonun doirasida muayyan sharoitga va vaqtga, hayotiy holatga muvofiq kelishidir.

Demak, huquqni qo‘llovchi organ, qonunga to‘la rioya etgan holda, aniq huquqiy holatni hal etishda huquq normasi doirasida eng to‘g‘ri, maqsadga muvofiq keluvchi qarorni qabul qilishi mumkin.

4. Huquqni qo‘llash jarayonig adolatlilik talabi.

Huquqni qo‘llash jarayonidagi adolatlilik bu xalq va davlat nuqtai-nazaridan, huquqni qo‘llovchi shaxsning va atrofdagilarning qabul qilingan qarorning to‘g‘riligiga ishonishi, qarorning axloqqa, adolatga, umuminsoniy qadriyatlarga mosligidir.

Shunday qilib o‘z ahamiyatiga ko‘ra huquqni qo‘llash huquqiy tartibga solishning muhim instituti hisoblanadi.

 

Namangan viloyat adliya boshqarmasi
mas’ul xodimi I.B.To‘lqinboyev.