Янгиликлар
Bir guruh tibbiyot xodimlarining qonuniy manfaati himoya qilindi
Toʻraqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan Toʻraqoʻrgʻon tuman Tibbiyot birlashmasi bir guruh tibbiyot xodimlarining 2020-yil sentyabr –oktyabr, noyabr oylarida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan boʻlsada maxsus toʻlov toʻlab berilmaganligidan norozi boʻlgan murojaatlari oʻrganib chiqildi.
Murojaatni oʻrganish jarayonida adliya boʻlimi tomonidan Tibbiyot birlashmasiga yuborilgan soʻrov xati yuzasidan taqdim qilingan maʼlumot va ilova hujjatlar koʻrilganida, xodimlarga maxsus toʻlovlari toʻlanmaganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-sentyabr kunidagi 583-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash obyektlarida hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 2-bandi talabida xodimlarga maxsus toʻlovlar (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bilan birga), shuningdek, ulardan toʻlanadigan ijtimoiy soliq 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan va 2021-yilda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qarori bilan kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, xodimlarga maxsus ustamalar va ularga hisoblanadigan ijtimoiy soliqlar 2022-yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi, 3-bandi talabida esa, maxsus toʻlov uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochilishi, 4-bandida xodimlarga ish hajmidan kelib chiqib, kunbay ishlash sharoitiga oʻtkazilgan holda har 30 kunlik davr uchun ish yuklamasini inobatga olgan holda har oylik ish faoliyati yakuni boʻyicha quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million soʻm, boshqaruv va oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million soʻm, provizor-farmatsevt xodimlarga — 10 million soʻm, dizenfektor va kichik tibbiyot xodimlariga — 8 million soʻm, boshqa xodimlarga — 5 million soʻm maxsus toʻlov belgilangan.
Shuningdek, nizomning 6-bandida, maxsus toʻlov tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga, shu jumladan, qisqa muddatga jalb etilgan tor yoʻnalishdagi tibbiyot mutaxassislariga kunlik kelib-ketish ish rejimiga oʻtkazilgan holda haqiqatda ishlangan ish hajmi uchun 30 kunlik davr uchun toʻlanishi, 240 soatlik ish yuklamalarini toʻliq bajargan xodimlarga ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan miqdorlarda maxsus toʻlovlar toʻlanishi, agar xodim tomonidan 30 kun davomida bajarilgan ish hajmi belgilangan ish yuklama meʼyoridan kam yoki koʻp boʻlgan taqdirda, maxsus toʻlovlar haqiqatda bajarilgan ish soatlariga nisbatan mutanosib ravishda toʻlanishi belgilangan.
Oʻrganish jarayonida aniqlangan holatlar yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Chust tumanlararo sudiga xodimlar manfaatida daʼvo arizalar kiritildi. Kiritilgan daʼvo arizalar sud tomonidan 25.03.2022-yilda koʻrib chiqilib, jami 144 848 485 soʻm maxsus toʻlov toʻlab berilishi yuzasidan Hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
Jumladan, Maxkamov Yusupali Ergashevichga 66 250 000 soʻm, birlashma laboranti Sayidova Xosiyat Sobitovnaga 21306819 soʻm maxsus toʻlov undirib berildi.
Toʻraqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi