Янгиликлар
Iqtisodiy sudlarda qanday ishlar ko‘riladi?
Iqtisodiy sudlar sud hokimiyatining bir tarmog‘i sifatida qonun bilan faqat o‘ziga yuklatilgan nizolarga doir ishlarni ko‘rib hal qiladi. Bu yerda qonun deganda O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi va boshqa qonunlar tushunilishi lozim. IPKning 25-moddasida iqtisodiy sudlarning sudloviga taalluqli bo‘lgan ishlarning ro‘yxati berilgan. Umumiy qoidaga ko‘ra bu ro‘yxat tugal hisoblanmaydi va boshqa qonun hujjatlarida iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan nizolar ham belgilanishi mumkin. IPKda iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar asosan oltita guruhga ajratilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, sud amaliyotini birxillashtirish, sud statistikasini yuritishni ta'minlash va sud faoliyatini umumlashtirishda yengilliklar yaratishdir.
Iqtisodiy sudga:
1) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar hamda yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tartibda olgan fuqarolar, shuningdek korporativ nizolar bo‘yicha ishlar ko‘rilayotganda taraflar bo‘lgan fuqarolar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) o‘rtasidagi fuqaroviy, ma'muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan nizolarga doir ishlar;
2) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash (bundan buyon matnda yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash deb yuritiladi) to‘g‘risidagi ishlar;
3) bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar;
4) hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlar;
5) IPKning 30-moddasida ko‘rsatilgan korporativ nizolar bo‘yicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno;
Korporativ nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bog‘liq nizolar;
2) xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning, ulushlarning, kooperativlar a'zolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bog‘liq nizolar, bundan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni, ulushlarni, kooperativlar a'zolarining paylarini o‘z ichiga oluvchi meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan nizolar mustasno;
3) yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, a'zolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi da'volari bo‘yicha nizolar;
4) qimmatli qog‘ozlar emissiyasi bilan, shu jumladan emitentning boshqaruv organlari qarorlari yuzasidan nizolashish bilan, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlar, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarish (qo‘shimcha ravishda chiqarish) natijalari bo‘yicha hisobotlar (xabarnomalar) yuzasidan nizolashish bilan bog‘liq nizolar;
5) qimmatli qog‘ozlarni nominal saqlovchilarning aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va (yoki) ularning muomalasi munosabati bilan qimmatli qog‘ozlarning nominal saqlovchilari tomonidan amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar;
6) yuridik shaxs ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risidagi nizolar;
7) yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi nizolar.
Qonunga muvofiq korporativ nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mumkin.
5.1) IPKning 301-moddasida ko‘rsatilgan investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar;
Investisiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) investisiya shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq nizolar;
2) investisiya shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolar;
3) investisiya shartnomasining bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
4) investisiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliq, bojxona, ijtimoiy, ekologik va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
5) investisiya shartnomasi bo‘yicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish yoki bunday shartnoma bo‘yicha neustoyka undirish va (yoki) zararlar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar.
5.2. IPKning 301-moddasida ko‘rsatilgan raqobatga oid ishlar;
Yuridik shaxslar, shu jumladan chet el yuridik shaxslari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda monopoliyaga qarshi organ o‘rtasida tovar va moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar raqobatga oid ishlar jumlasiga kiradi.
6) chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
Iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan ishlarning asosiy qismini iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar o‘rtasidagi fuqaro fuqaroviy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar tashkil qiladi.
Bunday nizolar toifasiga tadbirkorlik subyekt o‘rtasida tuzilgan mahsulot yetkazib berish, oldi-sotdi, pudrat, kredit va hokazo O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) doirasida tuzilgan shartnomalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolarni kiritish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi FK ning 39-moddasiga ko‘ra o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da'vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Agar jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olgan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullangan va uning faoliyati davomida nizo kelib chiqqan bo‘lsa, bu nizolar ham iqtisodiy sudlar tomonidan hal etiladi. Fuqarolarga nisbatan qo‘yilgan talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, garchi, sudga ariza berilgan kun holatida bu fuqarolar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan bo‘lsa-da, ular ishtirokidagi nizolarga doir ishlar iqtisodiy sudga taalluqli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq iqtisodiy sudga yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir. Iqtisodiy sudlar tomonidan aniqlanadigan yuridik faktlarga bino yoki yer maydonining mulk huquqi asosida mansubligi fakti; ko‘chmas mulkka 15 yil davomida o‘ziniki kabi insofli, ochiq va uzluksiz egalik qilish yoki boshqa mulkka 5 yil egalik qilish fakti; tashkilotning muayyan vaqtda va muayyan joyda ro‘yxatdan o‘tish fakti va boshqalar tegishli. Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlashga doir ishlar bo‘yicha nizo mavjud bo‘lmaydi.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasining 3-bandiga muvofiq tashkilotlar va fuqarolarning bankrotligi to‘g‘risidagi ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur Qonunning 3-moddasiga ko‘ra bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) - iqtisodiy sudlar tomonidan e'tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligidir. Qonunning 4-moddasiga ko‘ra qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e'tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, uning bankrotlik alomatlari deb e'tirof etiladi. Tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxslar, ya'ni davlat korxonalari, davlat idoralari, davlat muassasalari, shu jumladan, davlat byudjetidan to‘liq moliyaviy mablag‘ bilan ta'minlanadigan kasalxonalar, maktablar, bog‘chalar, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxslar nochor (bankrot) deb hisoblanishi mumkin emas.
Yana shuni alohida yodda tutish lozimki O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasi birinchi qismining 4-bandiga ko‘ra hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunday toifadagi ishlar IPKning 28-moddasida belgilangan bo‘lib, ularga hakamlik sudida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha da'voni ta'minlash yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizalar bo‘yicha ishlar; hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalar bo‘yicha ishlar hamda hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqalari berish to‘g‘risidagi arizalar bo‘yicha ishlar kiradi.
Tadbirkorlik subyekt bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va mas'uliyati cheklangan jamiyatlar, qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, matlubot kooperativlari va ulushli mulkka asoslangan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar ishtirokchilari o‘rtasida yoki aynan shu sub'ektlar boshqaruv organlari va ularning ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar, yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bog‘liq nizolar korporativ nizolar hisoblanadi. Korporativ nizoning o‘ziga xos xususiyati shundan iborat-ki, bu nizo bitta xo‘jalik yurituvchi sub'ekt doirasida, uning ta'sischilari bilan bshqaruv organi, ta'sischilari o‘rtasida o‘zaro va xo‘jalik jamiyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladi.
Jumladan, “Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o‘n foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari o‘z majburiyatlarini qo‘pol buzayotgan yoxud o‘z harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko‘rsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar. Bunda shuni inobatga olish lozimki, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o‘n foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o‘n foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Bir nechta ishtirokchi sudga murojaat qilganda da'vo arizasi ushbu ishtirokchilarning barchasi yoki ularning vakili (vakillari) tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak. Bunda da'vogar (da'vogarlar) ulushining miqdori belgilangan tartibda tasdiqlangan ta'sis hujjatlari asosida aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasi birinchi qismining 5-bandiga ko‘ra korporativ nizolar bo‘yicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno, iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu yerda shuni ta'kidlash kerakki, korporativ nizolarga oid ishlar nizo vujudga kelgan huquqiy munosabatlar ishtirokchisi tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar bo‘lishidan qat'i nazar, iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi IPKning 25-moddasi birinchi qismining 6-bandiga ko‘ra chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijroetishga qaratish to‘g‘risidagi ishlar iqtisodiy sudga taalluqlidir. Shuningdek, qonun bilan iqtisodiy sudga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin bo‘lib, bu qonunda alohida ko‘rsatiladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi
269-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra mansabdor shaxslar tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni to‘lash to‘g‘risidagi mehnat nizolari, agar mansabdor shaxslar yetkazgan zarar xo‘jalik nizosini ko‘rib chiqish paytida aniqlangan bo‘lsa, iqtisodiy sud tomonidan ham ko‘rib chiqiladi.
Ayrim holatlarda bitta da'vo arizasida ikki yoki undan ortiq da'vo talablarini ham ko‘rsatish mumkin. O‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba'zilari iqtisodiy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir necha talab birlashtirilgan taqdirda, ushbu talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilishi kerak. Agar bunday talablar bildirilgan da'vo ariza iqtisodiy sudga berilgan taqdirda, da'vo arizasi sud'ya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IPKning 155-moddasi birinchi qismining 4-bandiga ko‘ra qaytariladi.
Chust tuman yuridik markaz
bosh yuriskonsulti
S.Xojaev