Янгиликлар
Doimiy monitoring – Prezident hujjatlari ijrosini taʼminlashning samarali usuli.
Maʼlumki, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish boʻyicha islohotlarning natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etilishiga bevosita bogʻliqdir. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni bilan “shaxsiy masʼuliyat, mustahkam “temir” intizom va tashabbuskorlik” tamoyillariga asoslangan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangicha tizimi joriy qilinib, mazkur yoʻnalishda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, viloyatimiz boʻyicha “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali ijro uchun jami 984 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari kelib tushgan boʻlib, shulardan: farmon – 151 ta, qaror – 536 ta, farmoyish – 25 ta, bayon – 272 tani tashkil qiladi. Shuningdek, mazkur hujjatlarga asosan jami topshiriqlar soni 7 298 ta boʻlib, shulardan: 1 155 tasi farmonlar boʻyicha, 3 254 tasi qarorlar boʻyicha, 168 tasi farmoyishlar boʻyicha, 2 721 tasi esa bayonlar boʻyicha kelib tushgan.
Oʻz navbatida, mazkur koʻrsatkichlarning oʻziyoq, bu sohadagi nazorat va hisobdorlikni yanada kuchaytirish, ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan samarador tizimni yoʻlga qoʻyish lozimligidan dalolat beradi. Zero, har bir qonunchilik hujjatlarida mazmunan aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan normalarning mujassamligini yoddan chiqarmaslik lozim.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 31-may sanasida imzolangan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5132-son Qaror qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi monitoringini olib borishda mazkur tizim taʼsirchanligini mustahkamlash, uning ahamiyatini yanada oshirish hamda samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.
Xususan, qaror bilan belgilangan mazkur tizimda Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligining oʻrni belgilandi. Yangi tizimda oʻrta va quyi boʻgʻinga asosiy urgʻu qaratilib, davlat organlari va tashkilotlari hamda xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hususan viloyat va tuman(shahar) hokimliklari) tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini, bu borada nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartiblari belgilandi. Oʻz navbatida, nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi har bir harakat kesimida batafsil, taʼbir joiz boʻlsa “soatbay” tartibga solinishi ochib berildi.
Qarorga muvofiq, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha 7 ta bosqichdan iborat “texnologik zanjir” asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, qaror bilan vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining va masʼul xodimlarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Birgina misol, endilikda hokimliklarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holati har hafta juma kuni — hokimning birinchi oʻrinbosari huzurida, har hafta dushanba kuni — hokim huzurida, har oyda — xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari yigʻilishida muhokama qilib boriladi. Bunda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini taʼminlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalalari koʻrib chiqiladi.
Yana bir muhim jihat, qaror bilan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyat natijadorligini baholab borish hamda reyting koʻrsatkichlarini keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish tartibi joriy etildi.
Taʼkidlash lozimki, belgilangan yangi tartiblar, oʻz oʻrnida, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishiga, samarali ijro intizomini taʼminlashga qaratilgan.
Albatta, bulardan koʻzlangan pirovard maqsad ham “Ijro intizomi – islohotlar garovi” tamoyili asosida jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni tubdan yaxshilash, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini taʼminlash, xalqimizni rozi qilishdir.
Eranov Muxammad-Islom
Viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi.