Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Korxona tashkilotlarda qonuniylikni ta’minlashga kim mas’ul.


Korxona tashkilotlarda qonuniylikni ta’minlashga kim mas’ul.

Qonun ustuvorligi xalq hokimiyati va inson huquqlari tushunchalari bilan bevosita bog‘liq prinsipdir. Chunki xalq hokimiyati deganda fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish huquqi tushuniladi. Inson huquq va erkinliklari qonunlar vositasida hayotga joriy etiladi. Aslida qonunlarning asosiy maqsadi ham inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashning zarur normativ-huquqiy va tashkiliy institutsional asoslari shakllantirilgan.
Qonunchiligimizda huquqiy ekspertiza, qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi, monitoring, idoraviy hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi huquqiy vositalar ham belgilangan bo‘lib, bular ham qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim elementlarini tashkil etadi.
Ko‘plab qonunlarda qonun ustuvorligi, qonuniylikni ta’minlash faoliyatining asosiy prinsiplari, vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash keltirilgan. Mazkur Qonunning 6-moddasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qatt’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ichki ishlar organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘idagi o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlarini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq bo‘lmagan boshqa biror-bir holatni ro‘kach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, ko‘ndirish, undash taqiqlanadi – deb belgilangan.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida prokuratura organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash belgilab o‘tilgan. Mazkur qonunning 5-moddasida qonunlarni aniq bajarish va ularga rioya etishdan har qanday chekinish, qanday asoslarga ko‘ra qilinishidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish deb hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi – deb qayd etilgan.
Prokuratura organlarining mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ishining samaradorligini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari tomonidan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida mustahkamlangan.
Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandida qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2733-sonli Qarorining 1-bandida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib davlat organlari va tashkilotlarining huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi Qarorida davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari rahbarlariga har yili ko‘rsatib o‘tilgan organlar va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ishlar to‘g‘risida yuridik xizmatning hisobotini eshitish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklangan.
Bundan tashqari, qonun ustuvorligini nafaqat davlat organlarida, balki har bir mahallada ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risidagi nizomda jamoatchilik tuzilmasi a’zolarining tegishli hududda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan hamkorlikda qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda yurish-turish qoidalariga va odob-axloq mezonlariga rioya qilinishini, hududda tartib o‘rnatishda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga ko‘maklashish vazifasini bajarishlari qayd etilgan.
Qonun ustuvorligi shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini mone’liksiz amalga oshirish, o‘z hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlanganligi tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi ta’sirlardan, zo‘ravonlik va o‘zboshimchalikdan qo‘rqmay yashash imkoniyatini beradi.
Qonun ustuvorligi shuningdek shaxsga uning uchun majburiy bo‘lgan mazkur hujjatlarni qabul qilish jarayonida uning o‘zi yoki saylab qo‘ygan vakillari orqali ishtirok etish, davlat boshqaruviga ta’sir o`tkazish, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligi jamiyatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanishini, inson huquqlari himoyalanishini, mamlakat iqtisodi barqaror o‘sishi uchun tadbirkorlarda, chet ellik investorlarda mustahkam ishonchni shakllanishining mustahkam garovidir.


Pop tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti N.Borataliyeva