Янгиликлар
Autsorsing shartnomasi nima, uning huquqiy asoslari qanday?
Autsorsing-inglizcha “outsourcing” so'zidan olingan bo'lib tashqi manba (resurs) dan foydalanish tushuniladi. Shartnoma asosida biron bir tashkilot tomonidan ishlab chiqarish, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari yoki funktsiyalari talab qilinadigan sohada faoliyat ko'rsatadigan boshqa tashkilotga (kompaniyaga) topshirilishidir.
Autsorsingni o'ziga xos xususiyati shundaki, odatda autsorsing kompaniyasi xizmat ko'rsatish uchun uzoq muddatli shartnoma asosida ishlab chiqarish yoki biznes bilan bog'liq ayrim vazifalarni unga o'tkazishdan iboratdir. Autsorsing aynan shu shakli bilan odatdagi servis xizmatlaridan farq qiladi.
Autsorsing zamonaviy biznesning ko'pgina sohalarini, xususan, buxgalteriya hisobi, marketing xizmatlari, logistika, kadrlar hisobini olib borish, autsorsing sohasida axborot texnologiyalarini qamrab oladi.
Xususan, O'zbekiston Respublikasining 13.04.2016 yildi “Buxgalteriya hisobi to'g'risida”gi Qonunining 11-moddasiga ko'ra, buxgalteriya hisobini yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga (auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish bo'yicha xizmat ko'rsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar) shartnoma asosida yuklash mumkinligi nazarda tutilgan.
Bunga ham buxgalteriya hisobi sohasidagi autsorsingni ko'rinishi sifatida qarash mumkin.
Mamlakatimizda autsorsingni keng tarqalayotgan ko'rinishlaridan biri bu-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuchilarini sifatli oziq-ovaqat mahsulotlari bilan ta'minlashdan iboratdir.
Bu sohada autsorsing xizmatlarini ko'rsatish tartibi, huquqiy asoslari hamda mexanizmlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
25.07.2019 yildagi “Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida sog'lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qarori hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog'lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi Nizom bilan belgilab berilgan.
Ushbu Nizomga asosan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga autsorsing xizmati ko'rsatishdan asosiy maqsad tarbiyalanuvchilarni to'laqonli sog'lom ovqatlantirish, sog'lig'ini mustahkamlash va ta'lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishni ta'minlash;
sifatli taomlar tayyorlash orqali tarbiyalanuvchilarning sog'lom va barkamol o'sishini ta'minlash;
taomlarni iste'mol qilish uchun gigiyenik talablarga muvofiq sharoitlar yaratish;
tarbiyalanuvchilarni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq sog'lom ovqatlantirish;
tashkilotlar direktorlarini ta'limga oid bo'lmagan vazifalardan ozod qilish va ta'lim samaradorligini oshirishdan iborat.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 10.01.2020 yildagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko'rsatish tartibi to'g'risidagi”gi Nizomga ko'ra mijozlarni ovqat bilan ta'minlash, kir yuvish xizmatini tashkil etish, bino va inshootlarni saqlab turish, shuningdek, ularni muhandislik-texnik tizimlariga xizmat ko'rsatish va ta'mirlash hamda tibbiy buyumlarni zararsizlantirish bilan bog'liq xizmatlarni autsorserga o'tkazish belgilangan.
Namangan shahar yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti
O.Yo’ldashev