Янгиликлар
Sarhisob: qisqa davrda yuridik markazlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida yuridik xizmat ko`rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi PQ-5168-son qarori bilan 2021-yil 1-oktabrdan davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil etildi hamda davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, davlat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari faoliyatining asosiy yo`nalishi etib belgilandi.
Yuqoridagi yo`nalishlarda hozirgi kunga qadar Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi, davlat organlari tizimida bunday yangi tuzilmaning tashkil etilganligi o`z samarasini bera boshladi. Fikrimizni Namangan viloyati adliya boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Davlatobod tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi misolida davom ettiramiz.
Chunonchi, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash sohasida 2021-yil yakunlariga ko`ra, Davlatobod tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi tomonidan tumandagi 10 ta yuridik xizmat ko`rsatiladigan davlat tashkilotlaridan jami 690 ta huquqiy tusdagi hujjatlar kelib tushdi. Markaz tomonidan mazkur hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligi o`rganib chiqildi. Ushbu kelib tushgan hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o`tkazish jarayonida ularning ayrimlari qonunchilikka zid ekanligi aniqlandi hamda tegishli qonunbuzilish holatlari yuzaga kelishining oldi olindi.
Qolaversa, davlat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash borasida Davlatobod tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi tomonidan yuridik xizmat ko`rsatiladigan tuman Maktabgacha ta’lim bo`limi hamda Obodonlashtirish boshqarmasi taraf bo`lgan shartnomalar bo`yicha tegishli subyektlarga talabnomalar kiritildi hamda mazkur shartnomalar shartlarining lozim darajada bajarilishi, bu orqali esa yuridik xizmat ko`rsatiladigan tashkilotlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishi ta’minlandi.
Yuridik xizmat ko`rsatiladigan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasida ham Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari, shu jumladan Davlatobod tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi tomonidan, ayniqsa, jadal ishlar amalga oshirilib, tashkilot xodimlariga qonunchilikdagi yangiliklar yetkazib borilmoqda, xodimlarning mehnat faoliyatiga bevosita aloqador qonunchilik hujjatlari tushuntirilmoqda.
Umuman, davlat tashkilotlariga professional ravishda huquqiy xizmat ko`rsatuvchi alohida tuzilma – Yuridik xizmat ko`rsatish markazlarining tashkil etilganligi, ular tomonidan izchillikda amalga oshirilib kelinayotgan ishlar o`z samarasini bermay qolmayapti.Davlatobod tuman
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Maxmudov