Янгиликлар
IPOTEKA KREDITLARINI OLISHDAGI ISLOHOTLAR VA YANGILIKLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-sonli “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, turar joy olish tartibi osonlashtirilgan edi. Jumladan, aholiga o‘zlari istagan uyni sotib olish imkoniyati yaratildi. Natijada, sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo bo‘ldi.
Xalqimizning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. So‘nggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi. Bugungi kunga kelib mazkur ko‘rsatkich 35 mingtaga etdi.
Shunga qaramay, aholida eng ko‘p talab bo‘lgan o‘rta me’yordagi uylar yetarli emas. Bundan tashqari, ipoteka bozoridagi taklif talabga nisbatan kam. Bunga sabab esa, joyi yoki narxi aholiga ma’qul bo‘lmaganidir. Shu sababli jami 255 milliard so‘mlik 950 ta xonadon sotilmasdan turibdi.
Joriy yilning 2021 yil 2 dekabr sanasida Davlatimiz rahbari Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalari”ga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan mazkur yig‘ilish orqali aholi va quruvchilarga yangi qulaylik va imkoniyatlar bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Jumladan, kelgusi yil mamlakatimizda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirildi. Buning uchun qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1 trillion 300 milliard so‘m subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, bugungi kunga qadar ipoteka krediti va subsidiya olishda uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar bor edi. Endiikda, sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qat’iy nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi. Shuningdek, ehtiyojmand aholi uchun davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil – 10 foiz etib belgilanadi.
Shuningdek, subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta’mirlash uchun olingan kreditlar uchun ham tatbiq etiladi. Ushbu yildan boshlab ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi bo‘lganlarga ikkilamchi bozordan uy olishga ham imkoniyat yaratiladi hamda ipoteka krediti olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafilligiga ham ruxsat beriladi.
Davlat rahbari inson qadri uchun va odamlarga qulay bo‘lishi uchun yangi uylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bir joyda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. “Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Bunda “xaridor – bank – quruvchi” o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyning xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi. Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Yurtboshimizning eng asosiy maqsadi axolining barcha qatlami o‘zining shaxsiy uy-joyiga, mol-mulkiga ega bo‘lishidir.
Namangan shahar adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi
A.Fayzullayev