Янгиликлар
MUROJAATLAR DOIMO EʼTIBORDA
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari taʼminlanishining muhim omillaridan biri boʻlib, ushbu masalaga milliy qonunchiligimizda alohida oʻrin berilgan.
Jumladan, Bosh qomusimiz — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida belgilab qoʻyilganidek, har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Konstitutsiyamizdagi mazkur moddada belgilangan huquqning taʼminlanishi kafolatlari koʻplab qonun va qonunosti hujjatlarda oʻz aksini topgan. Jumladan, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunda fuqarolar, aniqroq aytganda, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va muassasalariga murojaati sohasidagi munosabatlar tartibga solinishi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan.
Murojaat qilish – fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Murojaatlar orqali xalqimizning kayfiyati, shart-sharoiti, olib borilayotgan islohotlarga munosabatini bilish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi
PQ-3666-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish boʻyicha choralarni amalga oshirish adliya organlarining muhim vazifalaridan biri ekanligi belgilangan.
Har qanday davlat va jamiyat oʻz fuqarosining muhofazasini zimmasiga toʻla olib, unga kafil boʻlmas ekan, uning istiqboli porloq boʻlmaydi. Shubhasiz bu boradagi Adliya boʻlimlarining oʻrni va faoliyat mezoni sezilib bormoqda. Hozirda xalqimizga beminnat yordam koʻrsatib kelayotgan adliya boʻlimlari inson huquqlarini himoya qilishga astoydil bel bogʻlagani bor gap.
Shu munosabat bilan, Uchqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, 2021-yilning 9 oyi davomida kelib tushgan 195 ta ariza va shikoyatlarning 189 tasi belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, 168 tasi qanoatlantirildi, 21 tasiga huquqiy tushuntirish berildi.
Ushbu murojaatlarni oʻrganib chiqish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan 22 ta taqdimnoma, 269 588 ming soʻmlik
61 ta daʼvo ariza kiritildi. Kiritilgan taqdimnoma natijasida fuqarolarga
1 180 mln. soʻmdan ortiq pul mablagʻlari undirib berilishi taʼminlandi.
Shu oʻrinda boʻlim tomonidan ijobiy hal etilgan bir murojaatga toʻxtalmoqchimiz. Uchqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimiga fuqaro Sh.Mirzayev, A.Tajibayev, Sh.Tursunov va boshqa 9 nafar fuqarolarning Uchqoʻrgʻon tuman “Agroservis” MTP MCHJ tomonidan jami 175 278 112 soʻm oylik ish haqlari toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib yozgan murojaati oʻrganib chiqilib, fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab, tuman “Agroservis” MTP MCHJdan oylik ish haqlarini undirib berish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisida FIB Uchqoʻrgʻon tumanlararo sudiga ariza kiritilib, tuman “Agroservis” MTP MCHJdan fuqaro Sh.Mirzayev, A.Tajibayev, Sh.Tursunov hamda boshqa 9 nafar fuqarolarga jami 175 278 112 soʻm ish haqlarini undirish boʻyicha sud buyrugʻlari chiqarilib, fuqarolarning murojatlari qanoatlantirildi.
Darhaqiqat har qanday huquqiy davlatda inson huquqlari, erkinliklari va burchlarini himoya qilish, buni Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlash muxim oʻrin egallaydi.
Demak, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari haq-huquqlari davlatimiz tomonidan toʻla kafolatlangan, zero-inson huquqlari oliy qadriyat.
Akmaljon Mavlonov
Uchqoʻrgʻon tuman adliya
boʻlimi boshligʻi