Янгиликлар
BOSH QOMUSIMIZNING 29 YILLIGI: QISQA DAVRDA YUKSAK MARRALAR
Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma to`qqiz yilligini keng nishonlashga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Bizga ma’lumki, Konstitutsiya mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashning muhim asosidir. Albatta, asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olmaslikni iloji yo`q. Xususan, birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida 1990-yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va so‘ngra uchinchi loyihalari ishlab chiqilgan. Shundan so`ng mamlakatimiz Konstitutsiyasi ikki marta, ya’ni 1992 yil sentabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Asosiy qonunimizning loyihalari muhokamasida keng jamoatchilik, xalqimizning keng qatlami faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, uning kelajagiga daxldor ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi. Bildirilgan takliflarni inobatga olib Konstitutsiya loyihasiga 100ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganidan beri bosib o‘tgan davriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shu qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda asrga tatigulik ishlar amalga oshirilganligiga guvoh bo‘lamiz. Hozirgi kunga qadar olib borilayotgan tub islohotlar va biz erishayotgan yutuqlarimizda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, Bosh qomusimizning
7-moddasida: “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”, deb belgilangan boʻlib, bugun bu manba toʻla ishga tushirildi. Buni tilimizga yangi iboralar, masalan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “elektron hukumat”, “virtual qabulxona”, “portal”, “halollik vaksinasi”, “davlat-xususiy sherikligi”, “kafolatlangan xavfsizlik” kabi bir qator ezgu tushunchalar bilan izohlashimiz mumkin.
Bundan tashqari Asosiy Qonunimizda xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi koʻrsatib oʻtilgan. Bu qoida ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida o`z tasdig`ini topti. Sababi, hozirgi pandemiya sharoitida yurtimizda tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini taʼminlash, iqtisodiyotda davlat ulushini
bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu esa Kanstitutsiyani haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.
Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanar ekan, unda jamiyatning ijtimoiy siyosiy xususiyatlari, taraqqiyotining bosh mezonlari, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari bilan bir qatorda davlatning suveriniteti, uning tuzilish shakli, ma’muriy-hududiy tuzilishi, davlat boshqaruv va mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy,
ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, sud va saylov tizimi tog`risidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Darhaqiqat, har qanday demokratik islohotlarning samarasi, tinchlik hamda taraqqiyotimizning asosiy garovi Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashdir. Shu sababli ham barcha boʻgʻindagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro boʻlsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini toʻgʻri tashkil etishi hamda birinchi navbatda, bu qoidalarga butun jamiyat aʼzolari qatʼiy amal qilishi shart Bir so`z bilan aytadigan boʻlsak, “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi — farovon hayot garovi” degan tushuncha odamlar ongida chuqur oʻrin egallashi va ijtimoiy hayotda muhim omilga aylanishi lozim.
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim sanalardan biri – Konstitutsiya qabul qilinganligining 29 yilligi arafasida shuni alohida e’tirof etish lozimki, Konstitutsiyamiz vaqt o‘tgan sari o‘z nufuzini, xalqaro maydondagi
obro‘-e’tiborini mustahkamlab bormoqda. Bizning maqsadimiz esa uning jamiyatdagi nufuzi va ahamiyatini, mazmun va mohiyatini fuqarolarning, ayniqsa yosh avlodning ong-idrokiga chuqurroq singdirishdir. Bu borada bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2021-yil 29-oktabrdagi "Umummilliy Konstitutsiya imtihonini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha" chora-tadbirlar rejasi asosida respublika bo`yicha, shu qatori Namangan viloyatida ham aholining 15 yosh va undan yuqori qatlami o`rtasida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni bo`lib o`tmoqda. Bundan ko`zlangan maqsad aholining konstitusiya borasida bilimlarini sinovdan o`tkazish, mustahkamlash va yuksaltirishdir. Zero, Konstitutsiya aholining barcha qatlami bilishi lozim bo`lgan asosiy Qonun hisoblanadi.