Янгиликлар
Olis va chekka hududlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarning jamiyat hayotidagi oʼrni
Insonlarning dardu tashvishlarini
oʼylab yashash — odamiylikning
eng oliy mezonidir.
Sh.M.Mirziyoev
Bundan besh yil oldin qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida yurtimizda har bir soha va yoʼnalishda keng koʼlamli ishlar amalga oshirildi. Buni har birimiz oʼz hayotimiz misolida, yon-atrofdagilar, qoʼni-qoʼshnilar, qishlogʼimiz, mahallamiz, shahrimiz, qoʼyingki, butun jamiyatimiz qiyofasi misolida koʼrib, guvoh boʼlib turibmiz.
Birgina xalq bilan muloqot qilish borasida yoʼlga qoʼyilgan tizimli ishlar qonun chiqaruvchi hokimiyatdan tortib, eng yuqori tashkilot va idora, mahalliy hokimliklar va mahalla fuqarolar yigʼinigacha boʼlgan boʼgʼinlarda faol amalga oshirilmoqda. Odamlar yillar davomida yigʼilib qolgan turli muammo va masalalarni ochiq-oydin aytib, tegishli vakillarga murojaat qilishlari uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Uyma-uy yurishlar, mahallabay, fuqarobay ishlash printsipi yoʼlga qoʼyildi. Sayyor qabullar tashkil etilib, mutasaddi idora vakillari fuqarolarning muammolari bilan qiziqyapti, hayotiy tashvishlarini tinglayapti. Tadbirkorlik qilaman degan fuqarolar uchun zarur yoʼl-yoʼriq va koʼmak koʼrsatilyapti. Bir soʼz bilan aytganda, xalqchil siyosat, insonparvarlik bilan yoʼgʼrilgan yangicha tizim bor boʼy-basti bilan oʼzini namoyon qilmoqda.
Uychi tuman adliya boʼlimi ham yuqoridagi maqsadlar bilan 2021-yil
28-fevralda tasdiqlangan Sayyor qabullar grafigi asosida joylarda fuqarolar muammolari bilan shugʼullanmoqda.
Boʼlim tomonidan 2021 yil davomida tumandagi olis va chekka hududlarda bir qator sayyor qabullar oʼtkazildi.
Jumladan, 2021-yilning 1-choragi davomida 27-yanvar kuni tumandagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʼinida, 28-yanvar kuni Istiqlol mahalla fuqarolar yigʼinida, 24-fevral kuni Umid va Shifokor mahalla fuqarolar yigʼinlarida, 18-mart kuni tumanning eng olis hududlaridan biri hisoblangan qoʼshni Qirgʼiziston Respublikasi bilan chegaradosh boʼlgan Yangihayot mahalla fuqarolar yigʼinida, 26-mart kuni tumandagi Obod va Gulzor mahalla fuqarolar yigʼinida sayyor qabullar tashkil etildi.
Mazkur sayyor qabullarni tashkil etishdan koʼzlangan asosiy maqsad, aholini qiynab kelayotgan muammolarga oʼz vaqtida yechim topish, tumandagi chekka-chekka hududlar aholisining ham ariza, shikoyat va takliflarini koʼrib chiqish, qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlarni mazmun-mohiyatini yetkazishda mahallabay ish tashkil etish yoʼli bilan aholining, shu jumladan, chekka hududlar aholisining huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish ishlarini amalga oshirishdir.
2021-yilning 2-choragi davomida 14-aprel kuni Uychi tumanidagi 1-sektor shtabida Namangan viloyat hokimining 2021-yil 19-martdagi 90-f-sonli Farmoyishi asosida sud, adliya, advokatura, notariat, FXDYo va boshqa mutassaddi idoralar xodimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhi vakillari tomonidan “Аyollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning huquqiy-psixologik muammolarini oʼrganish va ularga koʼmak berish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida tumanda “Аyollar daftari”ga roʼyxatga olingan xotin-qizlarning huquqiy-psixologik muammolari oʼrganilib, ushbu toifadagi
24 nafar xotin-qizlarga ishchi guruhi vakillari tomonidan bepul huquqiy maslahatlar berish orqali amaliy yordam koʼrsatildi.
Shuningdek, boʼlim tomonidan joriy yilning 23-aprel kuni tumandagi Dehqon mahalla fuqarolar yigʼinida, 28-aprel kuni Mashad mahalla fuqarolar yigʼinida, 26-may kuni tumandagi Gulbogʼ va Dehqonobod mahalla fuqarolar yigʼinlarida, 25-iyun kuni tumanning olis hududlaridan biri boʼlgan Ziyokor mahalla fuqarolar yigʼinida, 13-avgust kuni tumandagi Hizirobod mahalla fuqarolar yigʼinida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, aholi muammolarini oʼrganish, aniqlangan muammolarni yechimini topishda ularga huquqiy yordam koʼrsatish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarini aholi va jamoatchilikka yetkazish, mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish maqsadida aholi vakillari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Boʼlim tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullarda aholi muammolari oʼrganilmoqda, fuqarolarni huquq va erkinliklarini tusqinliksiz amalga oshirishga koʼmaklashish, buzilgan huquqlarni tiklash, ish haqlarini undirish, pensiya tayinlashdagi muammolar, tibbiy-ijtimoiy himoyani taʼminlash va boshqa shu kabi muammolar hal etilmoqda. Masalan, fuqarolar manfaatlari yuzasidan boʼlim tomonidan 2021 yil 3-chorak holatiga sudlarga 32 ta daʼvo arizalar kiritilib, 132 141 097 soʼm toʼlanmagan ish haqlari undirildi. Hozirgi kunda boʼlim tomonidan 105 687 332 soʼmlik toʼlanmagan ish haqlarini undirish boʼyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritildi. Bu esa boʼlim tomonidan oʼtkazilayotgan sayyor qabullar fuqarolarning muammolari yechimiga xizmat qilayotganligidan dalolat beradi.
Bahodir Qodirov
Uychi tuman adliya boʼlimi bosh maslahatchisi