Янгиликлар
Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnomalar berish tartibidan xabardormisiz?
Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnomalar berish tartibi notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʼgʼrisidagi yoʼriqnomaga asosan quyidagicha tartibda amalga oshiriladi: Notarius er-xotinning yozma arizasiga muvofiq ulardan biriga yoki har ikkisiga nikoh davomida orttirilgan umumiy mol-mulkdagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnoma beradi. Ushbu guvoxnoma er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisida ularning mavjud umumiy mulki hisoblangan mulkigagina beriladi. Notarius tomonidan er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnomani berish paytida nikoh tuzilganligini hamda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Oʼzbekiston Respublikasining “Notariat toʼgʼrisida”gi qonunining 63-moddasida marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) arizasiga koʼra umumiy mol-mulkdagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnoma berish tartibi quyidagicha amalga oshirilishi belgilangan: er yoki xotindan biri vafot etgan taqdirda er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisidagi guvohnoma marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) yozma arizasiga koʼra meros ochilgan joydagi notarius tomonidan beriladi va merosni qabul qilib olgan merosxoʼrlar bu xususida xabardor qilinadi. Xabarnomada er-xotinning ulushiga mulk huquqi toʼgʼrisida guvohnoma berilgan umumiy mulk koʼrsatiladi, merosxoʼr norozi boʼlgan taqdirda, ushbu masala boʼyicha sudga murojaat qilish huquqi unga tushuntiriladi. Shuningdek, xabarnoma pochta orqali yuboriladi. Merosxoʼrlar notarial idoraga kelganlarida esa notarius ularni oʼz hissasini talab qilayotgan er yoki xotinning yozma arizasi bilan tanishtiradi.
Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisidagi guvohnoma marhum erdan (xotindan) keyin xotinga (erga) nikoh davomida orttirilgan umumiy mol-mulkning yarmisi uchun berilishi mumkin. Merosni qabul qilib olgan merosxoʼrlarning yozma arizasiga koʼra va marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) roziligi bilan mulk huquqi toʼgʼrisidagi guvohnomada vafot etgan erning (xotinning) ham umumiy mol-mulkdagi ulushi belgilanishi mumkin. Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisidagi guvohnoma matnida mol-mulkning toʼliq tavsifi koʼrsatiladi.
Notarius tomonidan koʼchmas mulk yoki avtomototransport vositasiga nisbatan berilgan er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʼlgan mulk huquqi toʼgʼrisidagi guvohnomaga Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʼchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialida, DYHXX organlarida roʼyxatga olinishi haqida yozib qoʼyadi va tushuntirish berishi koʼzda tutilgan.
Namangan shahridagi
xususiy amaliyot bilan shugʼullanuvchi notarius
Feruza Usmanova Rajabovna