Янгиликлар
Noqonuniy ishdan boʼshatilgan fuqaro ishga tiklandi
Joriy yilning 26 iyulь kuni Uychi tuman adliya boʼlimi tomonidan fuqaro D.Xakimovning (ismi va familiyasi oʼzgartirilgan) ishdan noqonuniy boʼshatilganligidan norozi boʼlib bergan murojaati oʼrganib chiqildi.
Аniqlanishicha, fuqaro D.Xakimov Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʼining tegishli buyrugʼiga asosan tuman maktabgacha taʼlim boʼlimi hisobchisi lavozimida ishlab kelgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 99-moddasiga koʼra, “Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ogohlantirish muddati tugagandan soʼng xodim ishni toʼxtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shart...” deb belgilangan. Ushbu modda talabi boʼyicha xodimning haqiqatda oʼzining tashabbusi va istagi sababli bergan arizasi asosida mehnat shartnomasini bekor qilish mumkinligi nazarda tutilgan boʼlsada, 2021 yil 8 iyulь kuni maktabgacha taʼlim boʼlimi mansabdor shaxslarining qistovi natijasida, fuqaro D.Xakimovdan Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 99-moddasiga binoan, xodimning tashabbusiga koʼra mehnat shartnomasini bekor qilish boʼyicha ariza olinganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi gʼayriqonuniy xatti-harakati natijasida fuqaro D.Xakimovning mehnat huquqlari buzilganligini koʼrish mumkin. Ushbu qonun buzilishi holatlariga chek qoʼyish hamda kelgusida bu kabi kamchiliklarga yoʼl qoʼymaslik hamda fuqaro D.Xakimovning ishga tiklanishi yuzasidan tuman maktabgacha taʼlim boʼlimi boshligʼiga kiritilgan taqdimnoma hamda qoʼllanilgan maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan berilgan taklif natijasida fuqaro D.Xakimovni ishga tiklanishi taʼminlandi.
Uychi tuman adliya boʼlimi