Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Ona zaminga mehr koʼrsatish – farovon turmush garovidir


Ona zaminga mehr koʼrsatish – farovon turmush garovidir
Аzal-azaldan oʼzbek xalqida “Erga mehr bersang – yer seni boqadi” degan naql tildan tushmay keladi. Darhaqiqat, yer shunday bir neʼmatki, unga mehr bersang, erinmay eʼtibor koʼrsatsang, kuni kelib, albatta, hosilini olasan. Tarixchilarning xabar berishlaricha, Hindiston diyorida yashagan kezlari bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur aynan Аndijon zaminida ekib, parvarishlangan qovun navini keltirishni buyuradi va uning qadrini qanchalar buyuk ekanligini eʼtirof etadi. Shoir Muhammad Yusuf ijodida ham ona zamin mavzusi asosiy mavzulardan biri hisoblanadi. Italiya poytaxti Rimni tugʼilib-oʼsgan ona zamin bedapoyasiga, Parijning eng goʼzal restoranlarini bittagina oʼzbekning tandiriga alishmagan ijodkor butun xalqqa, nafaqat oʼzbek millati, balki butun dunyo millatlariga oʼzbek yeri, oʼzbek diyorining naqadar serhosil va serquyosh ekanligini isbotlamoqchi boʼladi. Bugun bobodehqonlarimiz, bogʼbonlarimiz, tadbirkor-fermerlarimiz tomonidan yer bilan bogʼliq munosabatlar alohida eʼtirof etilmoqda. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida hukumatimiz tomonidan mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Jannatmakon diyorimizda yilning har bir faslida, hatto qaxraton qishda ham saxiy boboquyosh oʼzining zarrin nurlarini ona zamin uzra sochadi, Yaratganning marhamati ila yerga yoqqan baraka yomgʼiri tufayli dasturxonlarimiz yanada toʼkin-sochin boʼladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning 2021 yil 8 iyunda qabul qilingan PF-6243-sonli Farmoniga asosan yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʼlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari xususida soʼz yuritiladi. Jumladan, mazkur Farmonda belgilab oʼtilganidek, 2021 yil 1 avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi; shuningdek, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʼlgan huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi; qolaversa, ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan koʼchmas mulk obʼektiga mulk huquqi boshqa shaxsga oʼtgan taqdirda, ushbu obʼektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʼtadi; qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xoʼjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga koʼra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi; qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinadi; davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi; barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʼsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʼzida yer uchastkasini olib qoʼyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʼladi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik toʼgʼrisidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin. Koʼp qavatli uylar joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar koʼp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli boʼlmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Bugun barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning izchil amalga oshirilishida faqat bittagina maqsad mushtarakdir, yaʼni barcha islohotlar xalqimiz turmush darajasini yanada oshirishga, xalq farovonligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Farmonda belgilab oʼtilganidek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinishi taʼkidlandi: yer uchastkalarini toʼgʼridan-toʼgʼri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʼl bilan tasarruf qilish, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga boʼlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʼzgartirish, bekor qilish; sugʼoriladigan yerlarni sugʼorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʼorilmaydigan qishloq xoʼjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʼtkazish;jamoa bogʼdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʼjaligini yuritish uchun yer berish; xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash. Mazkur Farmonning keyingi bandlarida quyidagilar belgilab qoʼyildi. Chunonchi: quyidagilar Respublika va hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilansin: yer toʼgʼrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʼllashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʼyicha takliflar ishlab chiqish; yerdan oqilona foydalanish boʼyicha ilgʼor xorijiy tajribalarni oʼrganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish boʼyicha takliflar tayyorlash; yer toʼgʼrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam oʼrganib borish, sohada huquqni qoʼllashning yagona amaliyotini shakllantirish; yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini bevosita taʼminlash va davlat nazoratini olib borishga masʼul davlat organlarining sohaga doir faoliyatini oʼrganib, muvofiqlashtirib borish, tegishlicha ushbu organlar va ularning quyi tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish; yerlarni, ayniqsa, qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlarni muhofaza qilish, qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;erga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash hamda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish; yer ajratish va undan foydalanish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga koʼmaklashish; yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash samaradorligini oshirishga oid boshqa masalalarni koʼrib chiqish.

Qonun barcha uchun barobar, unga hamma boʼysunishi lozim. Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, meʼyoriy hujjatlarning barida aholi farovonligini yanada oshirish yagona maqsad qilib olingan ekan, bundan unumli foydalanishimiz, xalqimiz turmush darajasini oshirish, huquqiy savodxonligini yuksaltirishimiz, yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlashimiz, yerga boʼlgan huquqlarni ishonchli himoya qilishimiz zarur. Zero hukumatimiz rahbari taʼkidlab oʼtganidek, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”.

Davlatvobod tuman adliya boʼlimi boshligʼi
M.Kirgizov